Infantino bosim ostida: undan o‘smirlar turniriga bormaslik so‘raldi
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Infantino Dominikan Respublikasiga allaqachon yetib borgan va mahalliy rasmiylar tomonidan kutib olingan.
FIFA prezidenti Janni Infantino futbol tashkiloti atrofida kuchayib borayotgan bahs-munozaralar fonida yana bosim ostida qoldi. KONKAKAF rahbari Viktor Montalyani undan Dominikan Respublikasida o‘tkazilayotgan 14 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar turniridagi ishtirokini bekor qilishni so‘radi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Infantino Dominikan Respublikasiga allaqachon yetib borgan va mahalliy rasmiylar tomonidan kutib olingan. Shunga qaramay, Montalyani FIFA prezidentiga maktub yo‘llab, uning musobaqada ko‘rinish berishi yosh futbolchilar turnirining asosiy maqsadidan e’tiborni chalg‘itishi mumkinligini bildirgan.
“Futbol manfaatlarini hisobga olgan holda, tashrifingizni qayta ko‘rib chiqishingizni hurmat bilan so‘rayman. Afsuski, sizning ishtirokingiz yosh futbolchilarni rivojlantirishga qaratilgan ushbu muhim tadbirning sport ruhiga salbiy ta’sir qilishi mumkin”, — deyiladi KONKAKAF rahbarining murojaatida.
Infantino mazkur turnirga FIFA atrofidagi so‘nggi mojaro boshlanishidan avval taklif etilgandi. Gap tashkilotning Jahon chempionatiga tegishli ayrim tijoriy huquqlarni xususiy investorlarga berish rejasining oshkor bo‘lishi haqida ketmoqda.
Ushbu tashabbus xalqaro futbol tashkilotlari orasida keskin norozilik uyg‘otdi. Qarshiliklar kuchaygach, Infantino rejani amalga oshirishdan voz kechdi.
Biroq bu bilan FIFA prezidenti atrofidagi bosim kamaygani yo‘q. UEFA, KONKAKAF va OFK rahbariyati tashkilot boshqaruvi, shuningdek, Infantinoning so‘nggi tashabbuslariga nisbatan tanqidiy munosabat bildirmoqda.