Imkoniyati cheklangan fuqaro o‘z uyida ovoz berdi
Qarshi shahridagi Oydin mahallasida istiqomat qiluvchi Bahriddin Shukurov 1-guruh nogironi.
U Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tashkil etilgan 44-saylov uchaskasida ro‘yxatga olingan. Ammo bemorligi sabab saylov uchastkasiga bora olmadi. Uchastka komissiyasi a’zolari uning xonadoniga keldi va u o‘z uyida ovoz berdi.
– Men ham shu mamlakatning bir fuqarosi sifatida ovoz berish jarayonida qatnashishni o‘z burchim deb bilaman, – deydi Bahriddin Shukurov.
[gallery-4394]
– Xastalik tufayli yurish imkoniyatim cheklangan. Lekin uchastka komissiya a’zolari menga ovoz berish imkoniyatini yaratib berib, o‘zlari xonadonimga keldi. Albatta men o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdim va bundan minnatdorman.
Ta’kidlash lozimki, 44-saylov uchastkasi milliy saylov qonunchiligi asosida to‘liq jihozlangan. U yerda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar o‘rnatilgan. Saylov byulletenlarini berish uchun va kuzatuvchilar uchun alohida joylar mavjud. Saylov qutilari o‘rnatilgan.
Saylov uchastkasi saylov sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli ma’lumotlar joylashtirilgan maxsus stend, zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internet jahon axborot tarmog‘iga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan kompyuterlar, seyf, kanselyariya tovarlari), yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlangan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA