Ilmiy daraja olish osonlashadimi yoki talablar kuchayadimi? (+video)
Bugun ilm-fan davlat taraqqiyotining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Shu bois joriy yil 26-mayda qabul qilingan “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida ”gi Prezident farmoni ilm ahli tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Mazkur hujjat qanday o‘zgarishlarni nazarda tutmoqda? Yosh olimlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilmoqda? Ilmiy daraja berishda qanday yangi talablar joriy etiladi?
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev suhbat davomida ushbu savollarga javob berdi.
— Sirojiddin aka, mazkur farmon qabul qilinishiga qanday zarurat bor edi?
— Bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalar va amaliy yechimlar zarur. Bu vazifalarni esa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, jamiyat hamda iqtisodiyot oldidagi muammolarni ilm orqali hal qilishga qodir yangi avlod olimlari bajaradi.
Shu nuqtai nazardan mazkur Farmon ma’muriy o‘zgarishlar haqida emas, balki doktorlik ta’limi, dissertatsiya himoyasi, attestatsiya tizimi va ilm natijalarini iqtisodiyot bilan bog‘lashni nazarda tutuvchi kompleks islohotlar dasturidir.
— Farmonning eng muhim jihatlari nimalardan iborat?
— Eng avvalo, davlat uchun ustuvor bo‘lgan ilmiy yo‘nalishlar belgilab berildi. Ular orasida sun’iy intellekt, raqamlashtirish, robototexnika, oziq-ovqat va seysmik xavfsizlik, agrar sohadagi ilg‘or tadqiqotlar kabi yo‘nalishlar bor.
Bu yosh olimlarga qaysi sohalar mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, davlat investitsiyalari ham asosan shu yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.
Yana bir muhim yangilik — doktorlik kvotalarining 60 foizi aynan ustuvor yo‘nalishlarga ajratiladi.
— Doktorantlar uchun qanday rag‘batlar ko‘zda tutilgan?
— Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish nafaqat bilim, balki moliyaviy imkoniyatlarni ham talab qiladi. Shu bois ustuvor yo‘nalishlarda tadqiqot olib borayotgan doktorantlarning stipendiyalari 1,7 barobarga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, har bir doktorant stipendiyasining qo‘shimcha 30 foizi uning tadqiqoti olib borilayotgan muassasaga ajratiladi.
Chunki ilmiy ish faqat qog‘ozda yozilmaydi. Laboratoriya tadqiqotlari, tajribalar, dala sinovlari va zamonaviy jihozlar talab etiladi. Yangi tartib ana shu ehtiyojlarni moliyalashtirishga xizmat qiladi.
— Attestatsiya va himoya jarayonlarida qanday yengilliklar bo‘ladi?
— Ilgari dissertatsiya himoyasi uchun ko‘plab qog‘ozbozlik ishlari mavjud edi. Avtoreferatni bosmaxonada chop etish, turli tashkilotlarga yuborish, xulosalar yig‘ish kabi jarayonlar vaqt va mablag‘ talab qilardi.
Endi mazkur jarayonlarning aksariyati raqamlashtiriladi. Hujjatlarni topshirish, ekspertiza qilish va kuzatib borish ishlari elektron tizim orqali amalga oshiriladi.
Bu nafaqat shaffoflikni oshiradi, balki inson omili va byurokratiyani ham keskin qisqartiradi.
— Ilmiy daraja olish osonlashadimi yoki talablar kuchayadimi?
— Bu yerda muhim jihatni to‘g‘ri tushunish kerak. Ilmiy ishning sifatiga qo‘yiladigan talablar pasaymaydi. Aksincha, ortiqcha byurokratik bosqichlar qisqartiriladi.
Masalan, ilmiy mavzuni Oliy attestatsiya komissiyasida tasdiqlatish tartibi bekor qilinmoqda. Ilmiy kengash qarorlarini qo‘shimcha tasdiqlash bosqichlari ham qisqartiriladi.
Biroq bu bilan birga ilmiy kengashlarning mas’uliyati ortadi. Dissertatsiyaning haqqoniyligi, plagiat holatlari va sifati uchun endi bevosita ilmiy kengashlar javob beradi.
— Ilmiy daraja berishda endi maqolalar soniga emas, natijaga ko‘proq e’tibor beriladimi?
— Bu masala sohalarga qarab baholanadi. Masalan, fundamental fanlarda tadqiqot natijalari ba’zan 10–20 yildan keyin amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Shuning uchun bu yo‘nalishlarda asosiy mezon sifatida nufuzli xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalar hisobga olinadi.
Biroq amaliyotga yo‘naltirilgan tadqiqotlarda boshqa yondashuv qo‘llaniladi. Agar olim yangi texnologiya, qurilma yoki ishlab chiqarish uchun zarur yechim yaratgan bo‘lsa, uning amaliyotga joriy etilishi, patentlangani va iqtisodiyotga foyda keltirgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Ilmiy etika talablariga javob bermaydigan, pul evaziga maqola chop etadigan jurnallar endi tan olinmaydi.
Bu jurnallar avval ham Fanlar akademiyasi tizimida qora ro‘yxatga kiritilgan edi. Yangi tartibda ham bunday nashrlarda chop etilgan maqolalar ilmiy natija sifatida qabul qilinmaydi.
Bu ilm-fan sifati va xalqaro nufuzini oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.
— Ilmiy rahbarlar faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
— Ilgarigi tizimda ba’zi olimlar ko‘p sonli doktorantlarni qabul qilar, ammo ularning taqdiri bilan yetarli darajada shug‘ullanmasdi. Yangi tizimda esa son emas, sifat muhim bo‘ladi.
Ilmiy rahbar faqat shogirdi dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan taqdirdagina rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, ilmiy rahbarning xalqaro ilmiy ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi. Bu esa olimlarni o‘z ustida ishlashga va yuqori darajadagi tadqiqotlar olib borishga undaydi.
— Doktoranturaga qabul qilish tartibida qanday yangiliklar bor?
— Eng katta o‘zgarishlardan biri — endi talabgorlar faqat mavzu emas, balki to‘liq ilmiy loyiha taqdim etadi.
Ya’ni tadqiqotchi qanday muammoni hal qilmoqchi, uning natijasi kimga kerak va tadqiqot nima bilan yakunlanishi rejalashtirilgani haqida taqdimot o‘tkazadi.
Bu yondashuv yodlangan javoblardan ko‘ra, amaliy fikrlash va aniq maqsadga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni rag‘batlantiradi.
— Attestatsiya jarayonining shaffofligi qanday ta’minlanadi?
— 2027-yildan boshlab attestatsiya jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Hujjatlarning harakati, ekspertiza bosqichlari va qarorlarni onlayn kuzatish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, Oliy attestatsiya komissiyasi prezidiumi tarkibini muntazam yangilab borish mexanizmi joriy etilmoqda. Bu ham adolat va xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur farmonning asosiy maqsadi — ko‘p sonli, ammo natijasi kam tadqiqotlar emas, balki jamiyat va iqtisodiyot uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sifatli ilmiy ishlar sonini oshirishdir. Bu esa yangi avlod olimlarini tarbiyalash va mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W73owN9t0b4" title="Ilmiy daraja olish osonlashadimi yoki talablar kuchayadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, N.Abduvoitov(video),
A.Ahmedov(montaj), O‘zA