Ilm, ta’lim va innovatsiya taraqqiyotining yangi bosqichi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 16-fevral kuni o‘tkazilgan oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sohani tubdan isloh qilish, uni mehnat bozori talablariga moslashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilingan edi.
Yig‘ilishda sohani chuqur isloh qilishga qaratilgan to‘rtta asosiy ustuvor vazifa belgilab olingandi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, o‘quv jarayonini mehnat bozori talablariga moslashtirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish kabi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa “fan – ta’lim – ishlab chiqarish” zanjirini mustahkamlab, innovatsion taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradi.


Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Guliston davlat universitetida ham tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uzviy bog‘lash, tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarni innovatsion faoliyatga faol jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan.

– Belgilangan ustuvor vazifalar oliy ta’lim tizimi faoliyatiga mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish va ularni tijoratlashtirish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda universitetimizda fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, yosh olimlarni innovatsion loyihalarga keng jalb etish hamda korxonalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Hojiyev.

Amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar ko‘lami va mazmuni ham izchil kengayib bormoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyatining dorivor o‘simliklari atlasini yaratish va uning raqamli platformasini ishlab chiqish, “Tarbiya” fanini o‘qitishga mo‘ljallangan zamonaviy elektron ta’lim resurslarini tayyorlash, mahalliy bug‘doydan yuqori ozuqaviy qiymatga ega oqsil uni ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish kabi loyihalar amaliy ahamiyati bilan ajralib turadi.

– Javdar unidan parhezbop mahsulotlar ishlab chiqarish, o‘simliklarni himoya qiluvchi yangi avlod biopreparatlarini yaratish, kivi o‘simligini laboratoriya sharoitida ko‘paytirish, za’faron yetishtirish agrotexnologiyasini joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sanoat uchun innovatsion uskunalar ishlab chiqish kabi qator ilmiy ishlanmalar hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – deydi Muhsin Hojiyev. — Masalan, mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqilayotgan oqsilga boy un mahsulotlari aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilsa, qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan biopreparatlar hosildorlikni oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga zamin yaratmoqda. Shuningdek, kivi o‘simligini laboratoriya sharoitida ko‘paytirish texnologiyasi eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, za’faron yetishtirish bo‘yicha ilmiy yondashuvlar fermerlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirmoqda. Sanoat sohasida esa universal uskunalar va qayta ishlash texnologiyalarini yaratish orqali mahsulot qiymat zanjiri kengayib, mahalliy ishlab chiqarish salohiyati mustahkamlanmoqda.
So‘nggi besh yilda universitetda ta’lim va ilmiy faoliyat ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish kuzatildi. Bugungi kunda o‘n minglab talabalar turli ta’lim shakllarida tahsil olmoqda. Ilmiy natijalar sifatida o‘nlab monografiyalar nashr etilgan, qator patentlar qo‘lga kiritilgan. Professor-o‘qituvchilarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Xalqaro hamkorlik ko‘lamining kengayishi natijasida Scopus va ScienceDirect kabi nufuzli ilmiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish darajasi sezilarli oshdi. Bu esa tadqiqotlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik berishga qaratilgan qarorlari universitet faoliyatini yangi bosqichga ko‘tardi. Kuzatuv kengashi faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilib, strategik rivojlanish hujjatlari, KPI tizimi va zamonaviy boshqaruv mexanizmlari joriy etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 12,5 milliard so‘mlik ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilinishi universitet ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Universitet bazasida tashkil etilgan “Technoways Youth Business Incubator” markazi esa yoshlarning innovatsion va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim maydonga aylandi.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan islohotlar va ilmiy-innovatsion tashabbuslar Guliston davlat universitetini fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining zamonaviy markazlaridan biri sifatida shakllantirmoqda. Bu esa yurtimizda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri