Ilm-fan va sanoat hamkorligi yuqori natija garovidir
Davlatimiz rahbarining Bekobod shahriga, xususan, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJga tashrifi davomida sohani tubdan rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator strategik vazifalar belgilab berilgan edi.
Ana shu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash va belgilangan vazifalarni amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida OKMKda “GeoMetTex” Ilg‘or muhandislik maktabi imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ilmiy-amaliy izlanishlarning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi Abdulla Hursanov, kombinat mas’ullari va mutaxassislari, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, MTTU “MISIS” Olmaliq filiali, Olmaliq davlat texnika instituti kabi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “GeoMetTex” Ilg‘or muhandislik maktabi direktori Shavkat Saydullayevning maktab faoliyati, tashkil topish tarixi, dastlabki yutuqlari, tayyorgarlik yo‘nalishlari, shuningdek, maktab oldiga qo‘yilgan istiqbol va maqsadlar bo‘yicha ma’lumoti tinglandi. Ishtirokchilarga kombinatning yirik yutuqlari, jumladan, 3-Mis boyitish fabrikasi loyihasining amalga oshirilishi, xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik natijalari xususida axborot berildi.

Xususan, boshqaruv raisi Abdulla Xursanov o‘z nutqida mazkur Ilg‘or muhandislik maktabi orqali mahalliy oliy ta’lim muassasalari “Olmaliq KMK” AJning xorijiy hamkorlari bo‘lgan nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari va ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan ham bevosita hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, yangi tashkil etilgan ushbu muhandislik maktabi oldiga nafaqat kombinat ehtiyojlari uchun, balki keyinchalik tijoratlashtirishni (sotishni) ko‘zda tutgan holda yangi texnologiyalar yaratishdek ustuvor maqsad qo‘yilgan.

Davlat rahbari tomonidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga yuklatilgan sohaviy muammolarni raqamli platformaga jamlash vazifasining uzviy davomi sifatida, OKMK Ilm-fan va innovatsiyalar bo‘limi tomonidan kombinat ishlab chiqarishida ilmiy yondashuvni talab etuvchi muammoli savollar to‘plami oliy ta’lim muassasalari vakillariga taqdim etildi. Tadbirda muhokama davomida oliygohlar olimlari tomonidan hamkorlikni kuchaytirish uchun texnoparklar namunasida co-working zonalarini tashkil etish, intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha fanni o‘quv dasturiga kiritish hamda kutubxonadan kun-u tun foydalanish tizimini yo‘lga qo‘yish kabi qator muhim takliflar bildirildi.
Muhokama yakunida Prezident topshiriqlari ijrosini izchil ta’minlash maqsadida muhim qarorlar qabul qilindi. Unga ko‘ra, yaqin hamkorlikka tayyor bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shimcha bitimlar rasmiylashtiriladi va ularning ilmiy ishlanmalarini ishlab chiqarishda sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari yaratiladi. Bundan tashqari, kombinatda amal qilayotgan tizim asosida samaradorlikni oshirish bo‘yicha takliflar qabul qilinadigan umumiy raqamli platforma yaratilib, uning imkoniyatlari hamkor muassasalarga ham joriy etiladigan bo‘ldi.
Mas’ullarga muzokaralar va fikr almashish jarayonlarini muvofiqlashtirish, muassasalarga biznes-rejalar tayyorlashda ko‘maklashish hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha maxsus kengash tuzish vazifasi yuklatildi.
Tadbir ishtirokchilari shuningdek, ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish bo‘limining dispetcherlik markazi faoliyati bilan =am tanishdi.
A.Musayev,O‘zA.