Ilg‘or terimchilar rag‘batlantirilmoqda
Sirdaryolik paxtakorlar joriy mavsum uchun 72 ming 557 gektar maydonga chigit qadagan edi.
Paxta – 2019
Sirdaryolik paxtakorlar joriy mavsum uchun 72 ming 557 gektar maydonga chigit qadagan edi. G‘o‘za belgilangan agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilindi.
Mavsumda davlatga 220 ming 38 tonna paxta xom ashyosi yetishtirib berish maqsadida 1 ming 448 fermer xo‘jaliklari hamda 4 ta paxta-to‘qimachilik klasteri dalalarida hosil yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Paxta hosilini yig‘ib-terib olishda nafaqat fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari, balki, ixtiyoriy ravishda qo‘shimcha daromad topish maqsadidagi ish bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi ham faol ishtirok etmoqda.
Ushbu qishloq xo‘jaligi mavsumida viloyat bo‘yicha 1 ming 424 ta paxta yig‘im-terim otryadi tashkil etilgan bo‘lib, ularga 140 mingdan ortiq terimchi biriktirildi. Shundan, 20 ming nafarga yaqinini fermer xo‘jaliklari va klasterlarning a’zolari bo‘lsa, 80 ming nafarda ortig‘ini ko‘ngilli hasharchilar tashkil etdi.
Paxta yig‘im-terimiga viloyat bo‘yicha jami 400 paxta terish mashinalari safarbar etilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bevosita yordamida paxta yig‘im-terim jarayoniga ixtiyoriy ravishda jalb etiladigan band bo‘lmagan fuqarolarni viloyatda ilk bor tajriba sifatida tashkil etilgan 90 ta hasharchilar dala markazlariga 30 mingdan ortiq hasharchi joylashtirildi. Bundan tashqari, viloyatning paxta yetishtiruvchi tumanlarida yana 100 dan ortiq yotoq joylari tashkil etildi.
– Biz hasharchilar uchun tayyorlangan “Chodirli shaharchalar” yotoqxonalarida barcha qulayliklar hozirlangan, – deydi Farg‘onadan kelgan hasharchi-terimchilardan biri Sokina Sharipova. – Shu yerning o‘zidagi oshxonada stol-stullar, ovqat pishirish uchun qozon, o‘choq, samovar, muzlatkich, toza ichimlik suvi, idish-tovoqlar mavjud. Har kuni uch mahal issiq ovqat qilib berilmoqda. Tushlikni paxta dalasiga, maxsus termos idishlarda yetkazib berishadi. Dalada mehnat qilib qaytganimizdan so‘ng, ko‘rpa-yostiq, yumshoq o‘rindiqlarda maza qilib hordiq chiqaramiz.
Viloyatning boshqa paxtakor tumanlari singari Guliston tumani paxtakorlari ham yetishtirilgan mo‘l hosilni tez va sifatli yig‘ib-terib olish uchun yuksak uyushqoqlik bilan mehnat qilmoqda.
Yetishtirilgan paxta hosilni yig‘ib-terib olishda viloyat “Suvoqava”, uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmalari ishchi-xizmatchilari, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidan kelgan 50 nafar hasharchi, Guliston shahridagi “Ahillik”, “Taraqqiyot”, “Yangi hayot”, “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan yordamga chiqqan band bo‘lmagan aholi ayniqsa, g‘ayrat va shijoat ko‘rsatib mehnat qilayotir.
Qaerdaki, moddiy manfaatdorlik bo‘lsa, o‘sha yerda ish unumli bo‘ladi. Har bir hasharchiga kunlik terim pullari kunma-kun dala boshida berib borilayotgani, homiylar tomonidan ilg‘orlarga topshirilayotgan qimmatbaho sovg‘alar ham ularning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda.
“Bek qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bunyod Qambarov shanba-yakshanba kunlari “Bek chorva” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi dalasidagi hasharchilarni tushlikda dala boshida “To‘y oshi” bilan siyladi. Shu kunning o‘zida 15 nafar eng ilg‘or hasharchilarni elektr choynak, dazmol kabi sovg‘alar bilan rag‘batlantirdi.
– Biz hasharchilar mehnatimiz munosib rag‘batlantirilayotganidan xursandmiz, – deydi farg‘onalik ilg‘or terimchi A.Madalieva. – Har kuni 130-140 kilogrammdan oshirib paxta terib, xirmonga topshiryapman. Paxta pulini kunligini kunda olib boryapmiz. Bundan tashqari, homiylar tomonidan turli sovg‘alarni olish, juda yoqimli.
Bulardan tashqari, har bir 50 kilogramm paxta tergan kishiga 1 litr, 75 kilogramm terganiga 2 litr, 100 kilogramm tergan terimchiga 3 litr pista yog‘i dala boshida tarqatilmoqda. Bu esa bir-bir yarim oylik mavsumda oila iqtisodini mustahkamlab, kam ko‘stini to‘g‘rilab olish imkoniyatini beradi.
Moddiy rag‘batlantirishlardan paxta dalalarida barakali mehnat qilib, kim ko‘proq foydalansa, oila budjetini shuncha barqaror qiladi, davlatimiz paxta xirmonining yuksalishiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.