Ijtimoiy rivojlanish yo‘nalishida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida akademiya rahbariyati hamda UNICEF tashkiloti vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bolalarni himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda ijtimoiy rivojlanish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, malaka tizimini takomillashtirish, kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish hamda rahbar kadrlarni tayyorlashga qaratilgan dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashildi, deyiladi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ma’lumotida.
Shuningdek, uchrashuvda akademiyaning ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalar va grant dasturlarini amalga oshirish, ekspertlar ishtirokida tadbirlar tashkil etish hamda hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
M.HOJIAKBAROVA,
O‘zA