Ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilmoqda
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori hamda Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Toyvo Klaar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tarmog‘ini rivojlantirish, mahalla darajasida ijtimoiy xodimlar institutini joriy etish, ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish hamda sohani raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.
Tomonlar Yevropa Ittifoqi bilan SOCIEUX+, TAIEX, Twinning va Erasmus+ dasturlari doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi. Xususan, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy uy-joy tizimini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv muhit yaratish, reabilitatsiya xizmatlari va assistiv texnologiyalarni takomillashtirish, sun’iy intellekt asosida ijtimoiy himoya tizimini raqamlashtirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash hamda soha mutaxassislari salohiyatini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga Yevropa Ittifoqi tayyor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, 2028–2034-yillarga mo‘ljallangan Yevropa Ittifoqining yangi dasturiy davriga tayyorgarlik ishlari boshlanganini ma’lum qilib, Agentlik tomonidan bildirilgan takliflar kelgusidagi hamkorlik dasturlarini shakllantirishda inobatga olinishini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida Agentlik direktori Yevropa Ittifoqi vakillarini 2026-yil 21–22-oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari» mavzuidagi Butunjahon sammitida ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar uchrashuv yakunlari bo‘yicha ijtimoiy himoya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni izchil rivojlantirishga kelishib oldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA