Ijod va ilhomning cheksiz manbai
O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida ijodiy tashkilotlar "Do‘stlar klubi"ning "So‘z, ohang va tasvir" turkum tadbiri doirasida buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi raisi, xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Yoqub Ahmedov, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, kompozitor, professor Rustam Abdullayev, Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev, Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majidov hamda bir qator ijodkorlar so‘zga chiqib A.Navoiy ijodi va uning musiqa, teatr hamda rassomchilikda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdilar.
Darhaqiqat, Navoiy faoliyatining adabiyot, ijtimoiy hayot, ma’naviyat rivojidagi o‘rni beqiyosdir. Ayni paytda shoir bobomizning ijodga, Vatanga, borliqqa munosabati barchamiz uchun ibratdir.
– Alisher Navoiyning ma’rifiy merosi qanchadan-qancha ijodkorlarga ilhom bag‘ishlaydi, – dedi O‘zbekiston xalq rassomi Rustam Xudoyberganov. – Bu esa ko‘pgina badiiy asarlarning yuzaga kelishiga o‘ziga xos turtki bo‘lmoqda.
Adabiy kechaga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda va bastakor Ahmadjon Dadayev ijrosidagi ashulalar yanada fayz bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA