IIV: joriy yilda 17 ming 483 kiberjinoyat fosh etildi
Axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi sharoitda raqamli imkoniyatlar kengayib borar ekan, ulardan noqonuniy foydalanish holatlari ham ortib bormoqda.
Ayniqsa, kiberjinoyatlar soni yil sayin ko‘payib, ularni sodir etish usullari tobora murakkablashmoqda. Bu esa ularni aniqlash va oldini olishni yanada dolzarb masalaga aylantirmoqda.
Ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligida kiberxavfsizlikni ta’minlash, kiberjinoyatchilikning oldini olish hamda bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida vazir o‘rinbosarlari hamda sohaviy xizmatlarning mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasiga oid farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Mas’ul rahbarlarning amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot va axborotlari tinglanib, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanishicha, vazirlik tizimida 2026-yil «Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili» deb e’lon qilinib, aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim orqali bank kartasidan o‘zlashtirilgan pullarni to‘xtatish (bloklash) mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani natijasida joriy yilning 9 oy davomida 77 milliard 344 million so‘mning noqonuniy chetga chiqib ketishi oldi olindi hamda 43 mingdan ziyod jinoyatga aloqador bank kartalari bloklandi.

Joriy yilda 17 ming 483 kiberjinoyat fosh etildi, 5,6 ming jinoyat tashabbus asosida aniqlandi va 19 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 209 milliard 934 million so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarildi.
Fuqarolarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga yo‘naltirilgan 38 mingdan ortiq «fishing» zararli dasturlari to‘xtatilib, 668 mingdan ortiq fuqaroning qurilmalari hamda pul mablag‘lari talon-torojdan himoyalandi.
Internet monitoringi natijasida 6 ming 771 ma’lumot o‘rganilib, 3 ming 192 xavfli resurs bloklandi, 1 ming 446 firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Kibermakonda taqiqlangan materiallarni tarqatgan 335 nafar shaxs ma’muriy va 1 ming 11 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Terrorizm, giyohvandlik, pornografiya, kriptoaktivlar, qimor va noqonuniy qurol bilan bog‘liq kontentlarga chek qo‘yilmoqda.
Asosiy e’tibor mazkur turdagi jinoyatlarni oldini olishga qaratilib, joriy yilning o‘zida 532 ming 75 targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Internetning o‘zbek segmentida 2 ming 565 ogohlantiruvchi kontent yaratildi va 650 resursda muntazam joylashtirildi, axborot maydonida kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish ishlari jadallashtirildi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi tanqid qilindi.
Xususan, kiberjinoyatlarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va fosh etish, jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasidagi choralar yetarli darajada samara bermayotgani, mazkur yo‘nalishda mas’ul xodimlarning tashabbuskorligi va shaxsiy mas’uliyatini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish hamda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikni kuchaytirish, antifrod tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda internet-firibgarlikni barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini oshirish vazifalari belgilab berildi.

«APK Qo'riqchi» platformasini amaliyotga keng joriy etish, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va aholi o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini maqsadli amalga oshirish, aholining firibgarlik usullari va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari haqida xabardor qilish va profilaktik ishlarini samaradorligini oshirish talab qilindi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagani tanqid qilindi.
Hududlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashdagi kamchiliklarni bartaraf etish, mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish hamda profilaktik tadbirlar samaradorligini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga kiberjinoyatchilikning oldini olish borasida zamonaviy axborot platformalarini amaliyotga keng joriy etish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini muntazam tahlil qilib borish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA