III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali
Ko‘hna va boqiy Buxoro yana bir bor milliy hunarmandchilik va nafosat markazi sifatida dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi. “Ark” qo‘rg‘oni maydonida bo‘lib o‘tgan “III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali”ning tantanali yopilish marosimi milliy qadriyatlar, boy madaniy meros va zamonaviy ijod uyg‘unligining yorqin namoyishiga aylandi.
Festivalning yakuniy tadbirida yurtimizning taniqli zargar va zardo‘zlari, xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan hunarmandlar, dizaynerlar, olimlar, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ijtimoiy tarmoqlarda infofaollar ishtirok etdi. Bu esa mazkur nufuzli anjumanning xalqaro maydondagi ahamiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov festival davomida Buxoroi sharif haqiqiy hunarmandchilik poytaxtiga aylanganini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, festival xalq amaliy san’atini rivojlantirish, milliy hunarmandchilik maktablarini asrab-avaylash, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan noyob an’analarni qayta tiklash va keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uch kun davom etgan festival doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmalar, mahorat darslari, teatrlashtirilgan chiqishlar, milliy liboslar namoyishi, hujjatli filmlar taqdimoti va konsert dasturlari mehmonlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Ayniqsa, taniqli ustalarning amaliy ishlari xalqimiz hunarmandchiligining naqadar yuksak san’at darajasiga chiqqanini yana bir bor namoyon etdi.
[gallery-29467]
Festival doirasida o‘tkazilgan “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya sohaning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim ilmiy va amaliy takliflarga boy bo‘ldi. Shuningdek, “Buxoro zandanachisi: tarixi, tipologiyasi va qayta tiklash masalalari” mavzusidagi xalqaro simpoziumda qadimiy to‘qimachilik an’analarining tarixi va uni asrab qolish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, festivalda jahonning 50 ga yaqin mamlakatidan hamda yurtimizning turli hududlaridan 600 nafardan ortiq hunarmand, olim, faxriy mehmon va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu esa Buxoroning azaliy savdo-sotiq, ilm-fan va hunarmandchilik markazi sifatidagi nufuzi yanada mustahkamlanayotganidan dalolatdir.
Tadbirda mamlakatimizda milliy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor ham alohida e’tirof etildi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar milliy amaliy san’at rivojiga keng yo‘l ochib bermoqda. Davlat rahbarining 2021-yil 29-apreldagi qarori asosida ushbu festivalning har ikki yilda bir marotaba o‘tkazilishi esa hunarmandlar uchun katta rag‘bat va ilhom manbai bo‘lmoqda.
Marosim davomida festival doirasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardo‘z”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan usto”, “Eng yosh mahoratli hunarmand” kabi yo‘nalishlarda munosib ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tantanali yopilish marosimi teatrlashtirilgan tarixiy kompozitsiyalar, xalq jamoalari va san’atkorlar ishtirokidagi go‘zal konsert dasturi bilan yanada fayzli tus oldi. Milliy kuy-qo‘shiqlar, qadimiy an’analar va zamonaviy sahna yechimlari uyg‘unlashgan kecha barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali” nafaqat milliy hunarmandchilikni targ‘ib etuvchi yirik madaniy anjuman, balki xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlovchi muhim xalqaro maydon sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etdi. Buxoro esa yana bir bor o‘zining boy tarixi, bebaho madaniy merosi va betakror hunarmandchilik an’analari bilan dunyo ahlini hayratga soldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari