Ichki ishlar organlari tizimida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Kuningiz tinch, tuningiz osuda o‘tyapdimi, demak, uni ta’minlayotgan tizim bor. Bu, albatta, ichki ishlar organlaridir.
O‘tgan yilda bu tizimda qanday ishlar amalga oshirildi va boshlangan yilda qanday maqsadlar amalga oshiriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov shular haqida ma’lum qildi:
–“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizim joriy qilindi. Bu mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qilib, osoyishtalikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, tuman, shahar va mahallalar toifalarga ajratilib, hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat o‘choqlari”ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalar jalb qilinmoqda. “Respublika - viloyat - tuman - mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmi joriy etildi.
Sohani to‘liq raqamlashtirish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi. Mahallalardagi tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etilmoqda.
Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan o‘zaro tezkor muloqotni yo‘lga qo‘yish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi ishga tushirildi.
Ichki ishlar vazirligida tezkor-qidiruv, jamoat xavfsizligi, transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamentlari tashkil etildi.
1995 yilga qadar mamlakatimizda yashagan 50 mingga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqarosi deb tan olindi.
Mazkur imkoniyatdan foydalangan 13 mingga yaqin fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hujjatlari qabul qilinib, shundan 4 mingdan ziyodi O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olindi. Bu boradagi amaliy ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, davlat raqam belgilarini berish va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish eksterritoriallik tamoyili asosida, ya’ni istalgan hududda amalga oshirilishi mumkinligi tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Yangi transport vositalarini DYHXX organlarida ro‘yxatga olishda texnik ko‘rikdan o‘tkazish olib tashlandi. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab esa, barcha transport vositalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilindi.
2021 yil 1 avgustdan boshlab, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon qabul qilish tartibi joriy etilib, mazkur jarayonni jamoatchilik tomonidan, shu jumladan Internet tarmog‘i orqali kuzatish imkoni yaratildi.
Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ichki ishlar organlari oldiga qanday vazifalar qo‘yildi?
– Davlat dasturida ichki ishlar organlari tizimi oldiga ham bir qator dolzarb vazifalar qo‘yildi. Jumladan, jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Barcha turdagi koloniyalarda mehnat qilayotgan mahkumlarning ish staji umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etiladi.
Bu mahkumlarning pensiya ta’minotini yaxshilash orqali ular tomonidan moliyaviy muhtojlik ortidan takroran jinoyat sodir etilishining oldini oladi. Mahkumlarda mehnatga munosabat o‘zgaradi va ular bu jarayonda kasb-hunar egallashga ham muvaffaq bo‘ladi.
Bu xalqaro inson huquqlari va penitensiar huquq tizimlari reyting va indekslarida respublikamizning nufuzi oshishiga ham xizmat qiladi.
Ozodlikka chiqayotgan fuqarolarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi joriy qilinadi. Bunda jazoni o‘tab bo‘lgan va o‘zining tadbirkorlik bo‘yicha aniq loyihasini taqdim etib, faoliyat boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga probatsiya xizmatini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan bir martalik moddiy yordam berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shunda yiliga o‘rtacha 1,3 mingdan oshiq sudlangan shaxslar bu paketdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Harakatlanish erkinligini cheklash bilan bog‘liq choralarni qo‘llashda qonuniylikni so‘zsiz ta’minlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Bu borada, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanuvchi muassasalarni bog‘lab turuvchi yagona elektron tizim yaratiladi va muassasalarda saqlanayotgan kontingent haqida aniq va tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi.
Yagona elektron reyestrning ishga tushirilishi natijasida harakatlanishi cheklangan shaxslar muassasaga joylashtirilgan vaqtdan boshlab vakolatli muassasaning ma’muriyati tomonidan mazkur reyestrga kiritib borish tartibi belgilanadi hamda muassasalarning ochiqligi va shaffofligi to‘liq ta’minlanadi.
Davlat dasturi doirasida huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi. Hozirgi kunda huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar aniqlangan taqdirda, ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan zudlik bilan hududiy ichki ishlar organi navbatchilik qismiga telefon orqali xabar qilinishi shartligi belgilangan.
Biroq, ichki ishlar organlariga xabar berish va ularni ro‘yxatga olish borasida inson omili ishtiroki sababli, huquqbuzarlik faktlari hamda ular bilan bog‘liq boshqa holatlar haqida xabarlar zudlik bilan ichki ishlar organlariga berilmasdan yashirish holatlari kuzatilmoqda. Shu bois, mazkur muassasalar bilan ichki ishlar organlari o‘rtasida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish orqali xabarlarni zudlik bilan ichki ishlar organlariga kelib tushishi va ularni ro‘yxatga olinishini ta’minlash, tergov-tezkor guruhlarini voqea joyiga tezkorlikda yetib borish imkoni yaratiladi.
Davlat dasturi doirasida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha patrullik xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish ham belgilangan. Bu borada tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi va barcha ma’lumotlarni joyida tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xodimlar vaqti tejalib, patrullik yo‘nalishlari nazoratsiz qolishi, eng asosiysi fuqarolarning ovora bo‘lishining oldi olinadi.
bugungi kunda patrul-post xizmati bo‘linmalari xizmat o‘tashi belgilangan 48 ta yirik shaharda 2 ming 751 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda 4 ming 298 ta patrullik yo‘nalishlari tashkil etilgan.
Davlat dasturi doirasida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish belgilangan. bugungi kunda yo‘llarning holati tobora soni o‘sib borayotgan transport vositalarining tirbandliklarsiz harakatlanishini ta’minlashga imkon bermaydi. Buning ustiga yo‘l harakati ishtirokchilari uchun harakatni tashkil etish to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakatni tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunini qabul qilish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, yo‘l harakati qatnashchilariga qulaylik yaratish maqsadida, 4 ming 246 kilometr aholi yashash punktlarida piyodalar uchun trotuarlar, 4 ming 147 kilometr aholi yashash punktlarida va ularni bog‘lovchi yo‘llarida veloyo‘laklar barpo etilishi, 4 ming 448 kilometr aholi yashash punktlari sun’iy yoritilishi, 701 ta svetofor (325 ta svetofor transportlar uchun va 376 ta svetofor piyodalar uchun) o‘rnatilishi, 208 ta yer usti va yer osti piyodalar o‘tish joylarini qurish lozim. Yana 2 ming 731 ta tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylari sun’iy yoritilishi, 81 ta yo‘l o‘tkazgichlar qurish, 2 ming 310 ta joyda shovqin chiziqlarini chizish, 2 ming 904 ta joyda o‘rnatilgan talab asosida sun’iy notekisliklarni tashkil etish kerak.
Bundan tashqari harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
560 ta chorrahada aqlli (smart) svetoforlar o‘rnatiladi, 600 ta chorraha aqlli intellektual kameralar bilan hamda tezlik o‘lchovchi qurilmalar bilan jihozlanadi, 2,5 ming km uzunlikdagi yo‘llarda yo‘l chiziqlari zamonaviy texnologiyalar bilan chiziladi, 500 ta piyodalar o‘tish joylari aqlli intellektual kameralar hamda sensor qurilmalari bilan jihozlanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tizim yagona boshqaruv asosida ishlashi, to‘liq avtomatlashtirilganligi bilan bir qatorda, elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarda to‘liq avtonom rejimda bir necha soat ishlay olish kabi bir qator afzalliklarga ega.
Shu bilan birga, respublikadagi yo‘l-transport hodisalarining har to‘rtinchisi belgilangan tezlik me’yorlarini buzib harakatlanish oqibatida kelib chiqayotganligini inobatga olgan holda, yo‘llarda onlayn tizimda ishlovchi tezlikni o‘lchash moslamalari hamda uchuvchisiz apparatlar yordamida transport oqimini nazorat qilish va tezkor boshqarishning elektron tizimini yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hozirgi kunda eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolayotgan haydovchilikka nomzodlarni o‘qitish va ulardan imtihonlar qabul qilish tizimini isloh qilishga katta e’tibor qaratiladi.
Respublikadagi muntazam YPX makonlarini raqamlashtirish orqali jamoat xavfsizlikni ta’minlash samaradorligi oshiriladi. Bunda, hozirda mavjud 29 ta yo‘l-patrul xizmati maskanlariga zamonaviy axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini joriy qilgan holda ushbu maskanlar inson omilisiz transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishi ta’minlash, “yashil” va “qizil” yo‘lak tamoyili asosida yagona tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Tizimning joriy etilishi xodimlar va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni cheklash, qog‘oz ko‘rinishidagi bayonnomalardan voz kechish, xodimlarning ish faoliyatini onlayn nazorat qilish, vaqtni tejash, qoidabuzarlik to‘g‘risida “SMS” xabar yuborish kabi qulayliklarni yaratadi.
bugungi kunda mavjud tizimlarni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi”gi joylashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
2022 yil 1 aprelga qadar respublikaning barcha mintaqalarida “Smart mahalla” elektron dasturini joriy qilinadi.
Dasturining afzalligi shundaki, aholi mavjud muammolari bo‘yicha uyidan turib, tun-u kun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash joyi bo‘yicha sektor rahbarlariga murojaat etishi, muammolarini bartaraf etgan sektor rahbarining faoliyatiga xolisona baho berish imkoniyatini yaratadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA