Ichimlik suvi uchun to‘lov intizomi – xizmat sifati kafolati
Har bir xonadonda kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan ichimlik suvi ortida katta mehnat va xarajatlar mujassam. Biroq ayrim hollarda iste’molchilar tomonidan ushbu xizmat uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti.
Xorazm viloyatida suv ta’minoti korxonalarining iqtisodiy barqarorligini ta’minlash hamda xizmatlar sifatini oshirish maqsadida qarzdorliklarni undirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sud qarorlari asosida jismoniy va yuridik shaxslardan ichimlik suvi uchun qarzdorliklarni undirishga doir jami 4 ming 645 ta ijro hujjati kelib tushgan.
Olib borilgan ijro harakatlari natijasida 4 ming 229 ta hujjat bo‘yicha ishlar yakunlanib, 4,4 milliard so‘m qarzdorlik undirildi. Ayni paytda 198 ta hujjat ijrosi ta’minlanmoqda. Shuningdek, 62 ta holatda qarzdorlikni undirish fuqarolarning ish haqiga qaratilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish nafaqat qonuniy majburiyat, balki ijtimoiy mas’uliyat hamdir. Bu esa o‘z navbatida soha barqarorligi va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA