Huquqni muhofaza qilish akademiyasi dunyoning TOP-1000 universitetlari qatoriga kirdi
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Times Higher Education Sustainability Impact Ratings -2026” xalqaro reytingining umumiy natijalarida 801–1000-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shayotgan hissasini baholaydi. Bunda ta’lim, ilmiy-tadqiqot, boshqaruv va ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyatga oid taqdim etilgan ma’lumotlar hamda amaliyotlar inobatga olinadi.
Akademiya BMTning oltita – “Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish”, “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma”, “Tengsizlikni qisqartirish”, “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish”, “Quruqlikdagi ekotizimlarni asrash”, “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” kabi Barqaror rivojlanish maqsadi bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etib, 401- 600-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Akademiya “Kambag‘allikni tugatish”, “Sifatli ta’lim”, “Hamyonbop va toza energiya”, “Barqaror shaharlar va aholi punktlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 601-800-o‘rinlar oralig‘idan o‘rin egalladi.
Ushbu natija Huquqni muhofaza qilish akademiyasining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shilayotgan hissani baholovchi xalqaro tizimda ishtirok etayotganini ko‘rsatdi.
N.Abduraimova, O‘zA