Hunarmandchilik: muammolar, takliflar
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Buxoro viloyat Kengashi tomonidan hududda hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki yakuniy natijalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida mahalliy hunarmandlarning shu kunga qadar erishgan yutuqlari bilan birga, ular faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar xususida ham so‘z bordi.
Amaldagi qonunchilikda, Prezident farmon va qarorlarida soha rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi imtiyoz va imkoniyatlar xususida atroflicha fikr almashildi.

Partiya faollarining mahalliy hunarmandlarga bu borada yaqin ko‘makchi ekanliklari ta’kidlandi.
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda bo‘lganidek, Buxoro viloyatida ham mahalliy hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qartilmoqda. Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlarida soha xodimlari uchun belgilangan imtiyoz va yengilliklar ular faoliyatining bardavom bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etayapti. O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan turli ko‘rik-tanlovlarda buxorolik hunarmandlarning yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgani sohani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

–Viloyatimizda bugungi kunda 3 ming nafarga yaqin hunarmand uyushmasining a’zosi faoliyat ko‘rsatmoqda,–deydi Buxoro shahridagi “Sovg‘a ustozodai zardo‘zon” oilaviy korxonasi rahbari Baxshullo Jumayev. –Ularning 6,5 ming nafardan iborat tirishqoq shogirdlari ham endilikda mustaqil ravishda ish olib bormoqda. Mahalliy hunarmandchilikning zardo‘zlik, zargarlik, mis kandakorligi, kulolchilik, temirchilik, miniatyura san’ati singari yo‘nalishlari mahalliy aholi, ayniqsa, xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hozirgi paytda viloyat bo‘yicha jami 12 ta hunarmandchilik markazi tashkil etilgan bo‘lib, ularga g‘ijduvonlik mohir kulol Alisher Narzullayev, Buxoro tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan Akmal Muhitdinov, viloyat markazida esa Davron Toshev singari mohir hunarmandlar rahbarlik qilib kelmoqda.

Shuningdek, sohada bugungi kunda mavjud bo‘lgan bir qator muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Hunarmandlar uchun ajratib berilayotgan joylar uchun ijara to‘lovlari narxining balandligi, soliq qonunchiligiga oid tartib-qoidalarga har doim ham rioya qilinmayotganligi, beshiksoz hunarmandlarning faoliyat ko‘rsatishida muhim o‘rin tutadigan xomashyo –tol daraxtlaridan foydalanishdagi ayrim cheklovlar shular jumlasidandir.
Tadbirda sohani rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator takliflar ham ilgari surildi. Tayyor mahsulotlarda milliy qadriyat va an’analarni saqlab qolgan holda kreativ yondashish, onlayn savdolarni yo‘lga qo‘yish, hunarmandlarning sohaga oid amaldagi qonunchilikdan xabardorligini oshirish maqsadida O’zLiDeP hamda Hunarmand uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda davra suhbatlari, seminar–treninglar tashkil etish bo‘yicha bildirilgan takliflar tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri