Hunarga yo‘l ochgan imkoniyat
Bir qarashda oddiydek tuyulgan bir mashg‘ulot bola qalbida katta orzuni uyg‘otishi mumkin. Qo‘ldagi mo‘yqalam esa ba’zan nafaqat qog‘ozga, balki insonning kelajak taqdiriga ham rang beradi. Buxoro shahridagi 3-son ko‘p tarmoqli maktab-internati o‘quvchilari uchun tashkil etilgan hunarmandchilik va miniatyura mashg‘ulotlari ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, har bir bola va yoshning qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoit yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan farzandlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, mustaqil hayotga tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ham — har bir bolaga o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi uchun teng sharoit yaratish, uning iqtidori va qiziqishini qo‘llab-quvvatlashdir. Bu esa ta’limni faqat bilim berish bilan cheklab qo‘ymasdan, yoshlarni hayotga, kasbga va mustaqil faoliyatga tayyorlashni taqozo etadi. Buxoro shahridagi 3-son ko‘p tarmoqli maktab-internatida yo‘lga qo‘yilgan tashabbus ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida e’tiborga molik.
Maktab-internat o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning kasb-hunarga qiziqishini oshirish, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Usta Davron” hunarmand miniatyura markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.


Ayni paytda maktab-internatning 15 nafar o‘g‘il-qizi haftasiga uch marotaba markazga qatnab, hunarmandchilik va miniatyura yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.
Bu yerda har bir mashg‘ulot o‘ziga xos ijodiy jarayon. Kimdir mo‘yqalamni ehtiyotkorlik bilan qog‘oz uzra yuritadi. Kimdir ranglarni uyg‘unlashtirishni o‘rganadi. Yana kimdir ustozning har bir harakatini diqqat bilan kuzatib, uni takrorlashga intiladi.
Muhimi, bu jarayonda bola faqat rasm chizishni yoki hunarmandchilik sirlarini o‘rganmayapti. U sabr qilish, e’tiborli bo‘lish, boshlagan ishini oxiriga yetkazish, mehnat natijasidan zavqlanish kabi hayot uchun zarur fazilatlarni ham o‘zlashtirmoqda.
Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega o‘quvchilar uchun bunday mashg‘ulotlarning ahamiyati beqiyos. Chunki har bir bolaning qalbida kashf etilishini kutayotgan bir iste’dod bor. Uni ko‘rish, rag‘batlantirish va to‘g‘ri yo‘naltirish esa kattalarning eng muhim vazifalaridan biri. Hunarmandchilik mashg‘ulotlari o‘quvchilarga o‘z qobiliyatini erkin namoyon etish, mustaqil ishlash, mehnat jarayoniga moslashish va jamoada muloqot qilish imkonini bermoqda. Eng muhimi, ular o‘z qo‘llari bilan biror narsa yaratish mumkinligini his qilmoqda. Bu his bola uchun juda katta ahamiyatga ega. Chunki o‘z qo‘li bilan yaratgan kichik bir ijodiy ishiga qarab turgan bolaning ko‘zidagi quvonch — uning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchining birinchi belgisidir.
Markazdagi mashg‘ulotlarni hunarmand va miniatyura san’ati ustasi Davron ustaning shaxsan o‘zlari olib borayotgani ham alohida ahamiyatga ega. Ustoz o‘quvchilarga miniatyura san’atining nozik jihatlari, ranglar uyg‘unligi, mayda detallar bilan ishlash, diqqat va sabr talab etadigan jarayonlarni amaliyot orqali o‘rgatmoqda.
Miniatyura — kichik hajmda katta ma’noni ifoda etadigan san’at. Unda har bir chiziq, har bir rang va har bir mayda detal muhim. Shu ma’noda, ushbu mashg‘ulotlar bolalarga nafaqat san’at sirlarini, balki hayotning o‘ziga xos bir sabog‘ini ham o‘rgatmoqda: katta natijalarga erishish uchun ba’zan eng mayda detallarga ham e’tibor berish kerak.


Ustozning sabr bilan bergan har bir sabog‘i, shogirdning har bir harakati esa milliy hunarmandchilik an’analarining davomiyligini ta’minlaydi.
Zamonaviy ta’limning asosiy vazifalaridan biri — yoshni hayotga tayyorlash. Shu nuqtai nazardan qaraganda, maktab-internat va hunarmandchilik markazi o‘rtasidagi hamkorlik oddiy to‘garak faoliyatidan ancha keng ma’no kasb etadi. Bu — ta’lim bilan amaliyotni, iste’dod bilan imkoniyatni, orzu bilan kelajakni bog‘laydigan o‘ziga xos ko‘prik.
Bugun mo‘yqalam ushlab, miniatyura chizishni o‘rganayotgan 15 nafar o‘g‘il-qizning orasida ertaga mohir hunarmand, rassom, dizayner yoki boshqa kasb egasi bo‘lib yetishadigan yoshlar borligi shubhasiz. Eng muhimi, ularga “sen qila olmaysan” emas, “sening ham imkoniyating bor” degan ishonch berilyapti.
Aslida, inson taqdiridagi eng katta o‘zgarishlar ham ko‘pincha ana shu ishonchdan boshlanadi.
Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan tashabbuslar hayotimizda tobora keng namoyon bo‘lmoqda. Buxorodagi ushbu tajriba ham shu ezgu maqsadning bir ko‘rinishi. Zero, bolaga beriladigan eng katta sovg‘a — tayyor narsa emas, o‘z qo‘li bilan yaratish imkoniyati. Unga beriladigan eng katta ishonch esa — qobiliyatiga ishonishdir.


Bugun maktab-internatdagi o‘quvchilarning qo‘lida mo‘yqalam, oldida rang-barang bo‘yoqlar. Ular yaratayotgan har bir kichik asarda katta bir orzu bor. Bu orzu — o‘z mehnati bilan qadr topish, kelajakda mustaqil hayot kechirish orzusi. Shu bois “Usta Davron” markazidagi har bir mashg‘ulotni oddiy dars deb bo‘lmaydi. Bu yerda hunar o‘rgatilayotgani barobarida umid uyg‘otilmoqda, qobiliyat kashf etilmoqda, kelajakka ishonch mustahkamlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri