Hujjatlardagi tafovud aniqlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan oldin foydalanishda bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismlarini “Olot” chegara bojxona posti orqali olib o‘tishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Unda xorijiy yo‘nalishda harakatlanib, chegara bojxona postiga kirib kelgan yuk avtomashinasi inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan chog‘da rentgen tasviri va yuk kuzatuv hujjatlarida o‘zaro tafovud mavjudligiga bojxona xodimlarida shubha uyg‘ondi.

Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigida esa, yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 177 million so‘mlik avtomobil ehtiyot qismlari borligi aniqlandi.
Xuddi shu kabi holat joriy yilning 19 aprel sanasida “Olot” chegara bojxona postida yana bir karra takrorlandi. Yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan 109 million so‘mlik avtomobil ehtiyot qismlari qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.
Zarif Komilov, O‘zA