Hududlarda elektr ta’minoti sifati yaxshilanmoqda
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda aholini sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlari quvvatini oshirish maqsadida hududlarda keng ko‘lamli modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlar Buxoro viloyati Vobkent tumanida ham izchil davom etmoqda.
Xususan, tumandagi Yuqori Xalach qishlog‘ida elektr ta’minoti tizimini yaxshilashga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha yakuniga yetkazilgach, qariyb 300 nafar iste’molchining elektr energiyasi bilan ta’minlanish sifati yaxshilanadi.
[gallery-30322]
Loyiha doirasida 150 dona temir-beton tayanch o‘rnatish, 7 ming metr SIP havo elektr uzatish tarmog‘ini tortish, shuningdek, mavjud transformator punktlarini joriy ta’mirlash ishlari belgilangan.
Ayni paytda tuman elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari maxsus texnikalar yordamida yangi tayanchlarni o‘rnatish va elektr tarmoqlarini yangilash ishlarini olib bormoqda. Qurilish-montaj ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha elektr ta’minoti barqarorligi va ishonchliligini oshirish, texnik yo‘qotishlarni kamaytirish hamda iste’molchilarga elektr energiyasini sifatli va uzluksiz yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA