Hududlarda biznes faolligi o‘sishda davom etdi
O‘zbekiston hududlaridagi biznes faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha kompleks monitoring barcha muhim yo‘nalishlarda o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
Joriy yil iyun oyi yakunlariga ko‘ra, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 45,6 foizga o‘sib, barqaror ijobiy dinamikani namoyon etdi.
Tushumlarning eng sezilarli o‘sishi Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’ati o‘rtacha qariyb 30 foizni tashkil etdi.
Bojxona to‘lovlari 19,2 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan viloyatida – 63,5 foiz va Navoiy viloyatida – 44,4 foiz miqdorida qayd etildi.
Farg‘ona va Toshkent viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham barqaror ijobiy dinamika kuzatilib, tushumlar o‘rtacha 40 foizga o‘sdi.

Ko‘rsatilgan davrda tovarlar eksporti 27,6 foizga oshdi. Eksport yetkazib berish hajmining eng yuqori o‘sishi Toshkent viloyatida – 54 foiz va Surxondaryo viloyatida – 44,4 foiz miqdorida qayd etildi. Andijon, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida o‘sish o‘rtacha qariyb 34 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, kreditlash hajmi ham oshdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 5 foizga ko‘paydi. Eng yuqori o‘sish Samarqand viloyatida – 50,5 foiz miqdorida qayd etildi. Xorazm, Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida kreditlash sur’atlari o‘rtacha 29 foizdan ziyodga o‘sdi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi 17,4 foizga oshdi. Birja faolligining eng yuqori o‘sishi Buxoro viloyatida qayd etilib, 49,2 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Surxondaryo, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm va Andijon viloyatlarida o‘sish o‘rtacha 32 foizni tashkil etdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA