Hindiston raketasi Fors ko‘rfaziga yo‘l oladimi?
Yaqin Sharqdagi urushdan keyin xavfsizlik masalasi yana birinchi o‘ringa chiqdi. Shunday sharoitda Birlashgan Arab Amirliklari Hindistonning eng mashhur harbiy ishlanmalaridan biri – “BraMos” raketa tizimini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Manbalarga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida muzokara boshlangan, dastlabki bosqich tez sur’atda davom etyapti. Agar kelishuv amalga oshsa, Hindiston mudofaa sanoati muhim yutuqqa erishadi.
“BraMos” – Hindiston va Rossiya hamkorligida yaratilgan tovushdan bir necha barobar tez harakatlanadigan qanotli raketa. Quruqlik, dengiz va havo bo‘ylab ucha oladi. Muzokarada yana bir tizim – “Akashtir” ham tilga olinmoqda. Bu havo hujumini avtomatik ravishda aniqlash va muvofiqlashtirishga xizmat qiluvchi zamonaviy boshqaruv majmuasi bo‘lib, turli radar va mudofaa vositalarini yagona tarmoqqa birlashtiradi.
Mutaxassislar fikricha, Amirliklarning qiziqishi bejiz emas. So‘nggi oylarda mintaqadagi harbiy taranglik xavfsizlikka yondashuvni o‘zgartirdi. Ayniqsa, Hurmuz bo‘g‘ozini muhofaza qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli Abu-Dabi bir davlatga qaram bo‘lib qolmaslik uchun qurol-yaroq yetkazib beruvchi doirani kengaytirishga harakat qilyapti.
Bu jarayon Hindistonning xalqaro qurol bozoridagi ta’siri ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. Mamlakat harbiy mahsulot eksporti so‘nggi o‘n yil ichida keskin o‘sib, bir necha milliard dollarlik ko‘rsatkichga yetdi. O‘tgan yil Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qisqa muddatli to‘qnashuvda “BraMos” jang sharoitida qo‘llanishi ko‘plab davlatlar e’tiborini tortgan edi. Vetnam va Indoneziya bilan shartnoma imzolangani, Tailand, Braziliya hamda Janubiy Afrika kabi mamlakatlar ham qiziqish bildirgani shundan dalolat.
Tahlilchilarga ko‘ra, ehtimoliy kelishuv faqat qurol savdosi emas, balki geosiyosiy amaliyotga ham o‘xshaydi. So‘nggi yillarda Nyu-Dehli va Abu-Dabi o‘rtasida savdo, energetika hamda texnologiya sohalaridagi hamkorlik sezilarli darajada kuchaydi. Endi mudofaa sohasidagi yaqinlashuv ikki davlatning mintaqadagi o‘rni va ta’sirini yanada mustahkamlashi mumkin. Fors ko‘rfazida kuch muvozanati qayta shakllanayotgan bir payt bunday kelishuvlar nafaqat iqtisodiy, balki strategik ahamiyat ham kasb etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA