"Hilol Yulduzlari" - Turkiya milliy terma jamoasi
Turkiya terma jamoasi shu vaqtga qadar Jahon chempionatlarida bor-yo‘g‘i 2 marta ishtirok etgan.
Yozda start oladigan Jahon chempionatining barcha ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Kecha UEFAning yana to‘rtta terma jamoasi mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ular orasida kun sayin tarkibi yulduzli bo‘lib borayotgan Turkiya terma jamoasi ham bor.

Turkiya terma jamoasi tarixi
Turkiya futbol federatsiyasi 1923-yilning 23-aprelida tashkil topgan va shu yilning o‘zida FIFAga a’zo bo‘lgan. 1962-yildan boshlab UEFA vakili hisoblanadi. Terma jamoa o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini 1923-yilda Ruminiyaga qarshi o‘tkazgan. Jangovar tarzda o‘tgan o‘yinda 2:2 hisobidagi durang natijasi qayd etilgan. Turkiya o‘zining eng yirik g‘alabasini Janubiy Koreya, Suriya va San-Marinoga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritgan. Ular uch jamoa darvozasiga ham javobsiz 7tadan to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Eng yirik mag‘lubiyatini esa Polsha, va Angliyadan qabul qili olgan 0:8. Turkiya terma jamoasi ayni vaqtda FIFA reytingida 25-o‘rinni egallab turibdi.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Turkiya terma jamoasi shu vaqtga qadar Jahon chempionatlarida bor-yo‘g‘i 2 marta ishtirok etgan. Ular 1954-yilda Shveysariya yashil maydonlari mezbonlik qilgan mundialda o‘z debyutlarini amalga oshirgan. Ilk turnirida ularga G‘arbiy Germaniya, Vengriya va Janubiy Koreya terma jamoalari raqiblik qilgan. Dastlabki uchrashuvda ular G‘arbiy Germaniyaga qarshi maydonga tushib, 4:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Ikkinchi turda esa Janubiy Koreya terma jamoasi darvozasiga javobsiz 7ta gol urgan va ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan. So‘nggi turda esa ana nemislarga qarshi maydonga tushib, 7:2 hisobida imkoniyatni boy berib turnir bilan xayrlashgan. Oradan 48-yil o‘tib, 2002-yilda Turkiya terma jamoasining oltin avlodi Jahon chempionatida furor ko‘tardi. Yaponiya va Janubiy Koreya hamkorligida o‘tkazilgan mundialda turklar "S" guruhida Braziliya, Kosta-Rika va Xitoy bilan bir guruhdan joy oldi va 1 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, 4 ochko bilan nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Pley-offda mezbon Yaponiya terma jamoasi minimal hisobda mag‘lub etilgan va chorak finalga yo‘l olgan. Ushbu bosqichda esa Senegal turklarga qarshi bahs olib borgan. Uchrashuv 1:0 hisobida "qizillar" foydasiga hal bo‘lgan va yarim final chiptasini qo‘lga kiritilgan. Final yo‘lida esa yana Braziliya terma jamoasi bilan to‘qnash kelgan. Bu galgi bahsda ham Lotin Amerikasi vakillarining qo‘li baland kelgan va Turkiya bronza medallari uchun kurashda ishtirok etishga majbur bo‘lgan. 3-o‘rin uchun kechgan bahsda turnirning yana bir mezboni Janubiy Koreya terma jamoasi dramatik tarzda o‘tgan bellashuvda 3:2 hisobida mag‘lub etilgan va Turkiya o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining shohsupasidan joy olgan.

2026-yilgi Jahon chempionatiga esa turklar UEFA pley-off bosqichi orqali yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Avvaliga Ruminiya, final bosqichida esa Kosova minimal hisobda mag‘lub etildi. Endi ular mundialning "D" guruhida AQSH, Paragvay va Avstraliyaga qarshi bahslarda ishtirok etadi.
Eng yaxshilari va narx
Turkiya milliy terma jamoasi safida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Rushtu Rejber hisoblanadi. U milliy jamoa libosida 120ta bellashuvda ishtirok etishga ulgurgan. Eng yaxshi to‘purar esa Hakan Shuker sanaladi. U o‘z terma jamoasi uchun 51ta golni rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Ayni vaqtda Turkiya terma jamoasi safida Kenan Yildiz, Arda Gyuler, Kerim Arkturko‘g‘lu, Altay Bayindir, Merih Demiral, Ferdi Kadiog‘lu, Hakan Chalxanog‘lu, Barish Alper Yilmas, Salih O‘zjan kabi iste’dodli futbolchilar to‘p tepmoqda. "Transfermarkt" portali terma jamoani 440,20 million yevroga baholamoqda.