Harbiylar Muhammad Yusuf muzeyida bo‘ldi
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida "Mening armiyam – mening faxrim" mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli Andijon shahridagi harbiy qism hamkorligida tashkil etilgan tadbirda so‘z olgan Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova, harbiy qism komandirining tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Azizbek Yusupov, Muhammad Yusuf nomli ijod maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Nigoraxon Yusupova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shahlo Homidova harbiylarni yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari salohiyati, Vatan himoyasi, harbiylarning mas’uliyatli va sharafli burchi haqida gapirdi.
Harbiylar va ijodkorlar o‘rtasidagi samimiy suhbatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, kitob mutolaasi, harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi asarlar xususida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng harbiylar ijod maktabida tashkil etilgan Muhammad Yusuf muzeyi eksponatlari bilan, kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shoirning hayoti va faoliyati haqida keng ma’lumotlar oldi.
Tadbir doirasida harbiylar o‘rtasida "Mening armiyam – mening faxrim" mavzusida “Eng yaxshi tasviriy san’at asari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda 10 nafarga yaqin ijodkor harbiy xizmatchilar o‘zlari chizgan rasmlar bilan ishtirok etdi.
– Vatan, yurt himoyasi haqida so‘z aytish, ayniqsa, tasviriy san’at asari yaratishning albatta, o‘ziga yarasha mas’uliyati bor, – deydi serjant B. Hamdamov. – Ayniqsa, yurtimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, harbiylar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq manzaralarni suratga muhrlash kishidan alohida mahoratni talab etadi. Umuman, tanlov men kabi ijodkor harbiylarga kuch va shijoat berdi.
Eng asosiysi, ijodiy ishlarim e’tirof etilib, tanlovda g‘olib bo‘lganligimdan behad xursandman.
Tanlovda ikkinchi o‘rin oddiy askar Mehriddin Qo‘chqorovga, uchinchi o‘rin esa oddiy askar Komiljon Ro‘ziyevga nasib etdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA