Harbiy xizmatchilarni pensiya bilan ta’minlashning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasining mazmun-mohiyati, uni ishlab chiqish zarurati hamda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash sohasidagi huquqiy munosabatlarni milliy qonunchilik asosida tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyasi bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini belgilash, pensiya tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, loyihada xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi, pensiyalarni hisoblash, tayinlash, to‘lash va qayta hisoblash bilan bog‘liq masalalar qamrab olingan.
Muhokamalar davomida qonun loyihasini yanada takomillashtirish, ayrim normalarni aniqlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uyg‘unligini ta’minlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA