Harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda askarlar vatanparvarlik tadbirida ishtirok etdi (+video)
Poytaxtimizda joylashgan G‘alaba bog‘idagi "Millat fidoyilari" xiyoboni Prezidentimiz tashabbusi bilan Vatanimiz mustaqilligi, tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan muqaddas maskandir.
Xiyobonda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, xodimlari, kursantlar hamda askarlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ishtirokchilar xizmat vaqtida halok bo‘lgan qahramon yurt farzandlarining nomlari va videolavhalari joylashtirilgan xotira maydonida bo‘lib, ularning jasorati va fidoyiligini chuqur hurmat bilan yodga oldi.
Tadbir G‘alaba bog‘i hududida davom etdi. Bog‘ning tashkil etilish tarixi, xalqimizning qahramonlik an’analarini aks ettiruvchi eksponatlar haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Vatanga sadoqat va jasorat mavzusidagi videolavha namoyish etildi. Jadidlar ma’rifati, ularning milliy taraqqiyot yo‘lidagi xizmatlari hamda bugungi islohotlar bilan uzviy bog‘liq jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda yuksak ma’naviy ruh va milliy g‘urur hissini yanada mustahkamladi. Shuningdek, muzey bo‘ylab tashkil etilgan sayohat ishtirokchilarning tarixiy bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Q4DGwkaWJeY?si=xedWVWiwE6v-tQFe" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj),
O‘zA