Har bir murojaat e’tiborda
Toshkent viloyati Ohangaron tumani Ubayd mahallasida aholi farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni joyida aniqlash va ularni manzilli hal etish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Hozir bu mahallada 750 ta oila, 530 ta xonadon mavjud bo‘lib, 87 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan. Aholining turmush darajasini yaxshilash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish maqsadida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan.
– Yil boshidan buyon fuqarolardan 167 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 92 foizdan ortig‘i ijobiy hal etildi, – deydi Ubayd mahallasi ijtimoiy xodimi Ziyoda Duyshabayeva. – Bu mahallada murojaatlar bilan ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Amalga oshirilgan xayrli ishlarimizdan biri fuqaro Bekzod Sulaymonov oilasi hayotida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq. U 14 yil davomida uy-joysiz holda, mahalladan 32 kilometr uzoqlikdagi qir-adir hududda yashagan. U fermer xo‘jaligida chorva boqib kun kechirgan. Oilasi esa davlat ta’minotidagi oilalar reyestriga kiritilib, zarur ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi.

Bu fuqaroning bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi Umidjon Ortiqboyev tibbiy-pedagogik komissiyaga yo‘naltirilib, Ohangaron shahridagi 7-son maxsus maktabga joylashtirildi. Hudud faollari va homiylar ko‘magida oila uchun 5 xonali uy qurib berildi. Bugun oila yangi xonadonga ko‘chib o‘tish arafasida. Shuningdek, Bekzod Sulaymonov o‘zi faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligiga doimiy ishga qabul qilindi. Mahalla hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim ko‘magida Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida unga 30 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan 10 bosh qo‘y xarid qilinib, oilaning daromad manbai yaratildi.

Mahallada nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, og‘ir xastalikka chalingan fuqaro Zayniddin Mansurov nogironlik guruhi belgilanishi jarayonida sayrga mo‘ljallangan aravacha va qo‘ltiqtayoq bilan ta’minlandi. Davlat ta’minotidagi oilalar reyestrida turuvchi Sarvinoz Abdusamatovaning I guruh nogironligi bo‘lgan farzandi Shohruh Abdusamatov “Faol hayotga qadam” dasturi orqali uy sharoitida parvarishlash xizmatiga qamrab olindi.
Umuman olganda, Ubayd mahallasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar aholining turmush farovonligini oshirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda. Har bir murojaat ortida inson taqdiri turgani e’tibordan chetda qolmayapti. Mahallada inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA