Har bir fuqaroning qadr-qimmati tengdir
«Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligini e’tiborga olib...» – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ana shu so‘zlar bilan boshlanadi.
Hali 539 yilda Eron shohi Buyuk Kir Vavilonni qo‘lga olganidan so‘ng har kim o‘zi istagan dinni tanlash huquqiga egaligini va irqiy tenglikni e’lon qilgan. Biroq Ma’rifat davriga kelib inson huquqlari haqidagi g‘oya rivojlana boshladi. XVII asr oxiri XIX asr boshlarida Yevropa va Shimoliy Amerikadagi intellektual va ma’naviy harakat ushbu Ma’rifat davr gumanizmining tabiiy davomi bo‘ldi.
Ushbu g‘oyani ilgari surganlardan biri faylasuf Djon Lokk insonning asosiy huquqlarini quyidagicha asoslagan: ozodlik, tenglik, shaxs va mol-mulk daxlsizligi tabiiy, abadiy va ajralmasdir. “Ozodlik, – deb aytadi Dj. Lokk, – har kim “o‘z shaxsiyatining egasi” deb tan olingan joyda bo‘ladi. Bu g‘oyalar Buyuk Britaniya Inson huquqlari to‘g‘risidagi billi, AQSH Inson huquqlari to‘g‘risidagi billi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Fransiya fuqarosining huquqiy asosiga aylandi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, BMT faoliyatining dastlabki kunlarida yangi tashkil etilgan xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar Inson huquqlari bo‘yicha Komissiya tuzish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar. Umumjahon deklaratsiyasini ishlab chiqish ushbu komissiya ishining dastlabki qadamlaridan bo‘ldi. Unga boshchilik qilish Amerika prezidenti Franklin Ruzveltning bevasi – Eleonora xonimga topshiriladi.
U barcha mazlumlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro obro‘ga ega edi. “Insonning umumiy huquqlari o‘zi qayerdan boshlanadi? Uyga yaqin bo‘lgan kichik joychalarda, shu qadar yaqin va shu qadar kichikki, ularni dunyoning biron-bir xaritasida ko‘rmaysan, – derdi Eleonora Ruzvelt. – Va bu huquqlar u yerda mazmun kasb etmagunicha, ular qayerda bo‘lmasin, kam ahamiyatga ega bo‘ladilar. Agarda fuqarolar uyga yaqin joyda bu huquqlarni himoya qilish to‘g‘risida qayg‘urmasalar, bizning butun dunyo taraqqiyoti haqidagi umidlarimiz behudadir».
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Komissiyasining birinchi yig‘ilishi 1947 yil 27 yanvardan 10 fevralga qadar Angliyaning Leyk-Sakses shahrida Eleonora Ruzvelt raisligida bo‘lib o‘tadi. Deklaratsiyaning dastlabki matni inson huquqlarining barcha mumkin bo‘lgan turlarini qamrab olgan, uning hajmi 400 sahifadan iborat edi. Hujjat amaldagi barcha konstitutsiyalar, inson huquqlari bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlar, shuningdek, u yoki bu takliflarni o‘z ichiga olgan xususiy shaxslarning murojaatlari tahlili asosida ishlab chiqiladi. Deklaratsiyaning yakuniy matni 1948 yil 18 iyunda tasdiqlandi. 1948 yil 10 dekabrda esa BMT Bosh Assambleyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qildi.
Deklaratsiya dunyoning turli mamlakatlaridagi har xil huquqiy va madaniy tizimlar vakillari tomonidan tuzildi, shu bois unda universal qadriyatlar hamda barcha xalqlar va barcha mamlakatlar yutug‘ining umumiy o‘lchovi mustahkamlangan. Deklaratsiyada har bir inson bir xil qadr-qimmatga ega deb e’lon qilinadi. BMTga a’zo davlatlar tomonidan Deklaratsiya va undagi tartiblarga amal qilinishi majburiyatlari millionlab insonlarning qadr-qimmatini himoya qilishga yordam berdi.
Garchi Deklaratsiya majburiy hujjat bo‘lmasada, u inson huquqlari sohasida yagona xalqaro standartni shakllantirgan 60 dan ziyod huquqlarni joriy etishga hissa qo‘shdi. bugungi kunda BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan Deklaratsiyada mustahkamlangan insonning asosiy huquqlari umume’tirof etilishi uning ta’sirini kuchaytiradi va inson huquqlarining hayotimizdagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
1993 yilda Bosh Assambleya tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasiga asos solinadi. Uning asosiy faoliyati – inson huquqlarini himoya qilish, yangi standartlarni ishlab chiqish, bu sohadagi bitimlarni ratifikatsiya qilishga ko‘maklashishdir. 1994 yilda ekvadorlik siyosatchi Xose Ayyala-Lasso Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Oliy komissar etib tayinlanadi. 2018 yilning 1 sentyabridan buyon Chili mamlakatining davlat va siyosat arbobi Mishel Bachelet bu lavozimni egallab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida yurtimizda inson huquqlari sohasidagi ishlar tubdan o‘zgarganini alohida qayd etdi.
Mamlakatimiz konstitutsiyasining 13-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. Ushbu tamoyil so‘nggi yillarda hayotga keng tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbuskoriga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida Prezidentimiz ilgari surgan va ushbu xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi buning yaqqol dalilidir. Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta 3 yillik muddatga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi etib saylandi.
Mamlakatimizda insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash xalqimizga farovon va munosib hayot yaratishga qaratilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Hujjat xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalari, shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga doir dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xalqaro tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamalari, xalqaro va milliy maslahatlarni e’tiborga olgan holda ishlab chiqildi.
Ushbu tarixiy hujjatda O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilangan. Milliy strategiya bilan birga yana ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
E’tiborli jihati shundaki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma’lumotlar BMTning oltita rasmiy tilida nashr etildi va BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida tarqatildi.
Inson huquqlari va qonuniy erkinliklarining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida Milliy strategiya doirasida 53 ta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilish, 37 ta kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish, 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish belgilandi. Bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, BMT va YeXHTning tegishli me’yoriy hujjatlari asosida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qonunning yangi tahrirdagi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishida muhokama etildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hozirgi kunda Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeks, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksining yangi tahrirlari ishlab chiqilmoqda. “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi yangi qonunlarni ishlab chiqish boshlab yuborildi.
Milliy strategiya doirasida 2020 yilning 12-13 avgust kunlari “Yoshlar 2020: Global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuida Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda BMT va uning maxsus muassasalari – YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA), BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT, YeXHTning Parlament assambleyasi, Afrika ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), SHHT, MDH, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha nohukumat tashkilotlar, yoshlar tashkilotlari, milliy institutlar, yoshlar ishlari bo‘yicha parlamentlar va davlat organlari, ta’lim va tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati instiutlari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar ishtirok etdi.
Xalqaro forum yakunida “Yoshlar 2020: Global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati deb taqdim etildi.
1950 yilda BMT Deklaratsiya sharafiga 10 dekabrni – Inson huquqlari kuni bayrami, deb ta’sis etdi. Uni bayram sifatida nishonlashda insonlar, turli hamjamiyatlar va diniy guruhlar, parlamentlar, hukumatlar va, albatta, BMT ishtirok etadi.
10 dekabr – dunyoni o‘zimiz istagandek tiklashda inson huquqlarining muhimligini, global hamjihatlik, o‘zaro bog‘liqligimiz va umumiy insoniyligimiz zarurligini yana bir bor tasdiqlash imkoniyatidir.
Har yili BMT Inson huquqlari kunining bosh mavzusini belgilaydi. Joriy yilda bu mavzu “Inson huquqlari himoyasini ta’minlashda yanada samarali tiklanish” bo‘lib, u COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq hamda inson huquqlari sohasida amalga oshiriladigan tadbirlarda inson huquqlarining markaziy rolini ta’minlash orqali yanada samarali tiklanish zarurligiga qaratilgan. Insoniyat barcha uchun teng imkoniyatlar yarata olgan, COVID-19 va infeksiya tarqalishiga yordam beradigan kamchiliklarni bartaraf eta olgan, tengsizlik, yakkalash va kamsitish muammolariga qarshi kurashda inson huquqlari standartlarini qo‘llagan taqdirdagina, ushbu umumiy global maqsadlarga erishish mumkin.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.