Hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda
Vengriyaning “OTB Bank group” kompaniyasiga qarashli “Yashil Ferma FE LLS” tashkiloti bilan Guliston davlat universiteti hamkorlik qiladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad vengriyaliklar xorijiy investitsiya asosida Sirdaryo viloyatida tovuq fermalari va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalarini barpo etadi, universitet esa barpo etilishi va ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan korxonaning malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga yordam beradi.
Bu to‘g‘rida Guliston davlat universiteti rektori bilan Vengriyaning “Yashil Ferma FE LLS” kompaniyasining O‘zbekistondagi loyihalar strategiyasi bo‘yicha direktori Velosh Yanosh, xodimlarni saralash bo‘yicha HR boshqaruvchisi Mesleni Ferens hamda O‘zbekistondagi savdo loyihalari boshlig‘i Fazakal Zoltanlardan iborat delegatsiya o‘rtasida xalqaro hamkorlik aloqalari doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
[gallery-21710]
Xorijlik mehmonlar Sirdaryoda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan mazkur loyiha , uni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida so‘z yuritgan bo‘lsa, universitet rektori M. Xodjiyev universitet tarixi, uni yanada rivojlantirish borasida kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan istiqboldagi rejalar hamda bugungi kundagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari haqida batafsilroq ma’lumot berdi.
–Bu uchrashuv universitetimiz va xalqaro hamkorlar o‘rtasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ahamiyatlidir. Kelgusida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va dastlabki qayta ishlash sohasidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyat yaratadi, – deydi universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Orif Murodov.
Tashrif yakunida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kelgusida istiqbolli rejalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri