Gulistonda Qodiriyni yod etib...
Halima Xudoyberdieva nomidagi Ijod maktabida buyuk adib Abdulla Qodiriyning 125 yilligi munosabati bilan ulkan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Halima Xudoyberdieva nomidagi Ijod maktabida buyuk adib Abdulla Qodiriyning 125 yilligi munosabati bilan ulkan anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanda davrimizning eng zabardast munaqqidlari, shoiru olimlar, yosh ijodkoru kitobsevarlar ishtirok etishdi.
Dastlab so‘zga chiqqan Ibrohim G‘ofurov jumladan quyidagilarni so‘zladi: -”Men bugun Guliston haqiqiy gulistonga aylanganining guvohi bo‘ldim. Ustoz Abdulla Qahhor Gulistonga kelib, shu yerda kapa ko‘tarib, “Shohi so‘zana” asarini yozganida bu yerlar biyday dasht, shamoli odamni uchirib ketadigan cho‘lu biyobonlar edi. Umid qilamanki, Halima Xudoyberdieva nomidagi Ijod maktabi o‘quvchilarining har birining stoli ustida Qodiriy boboning besh tomlik tanlangan asarlari turadi, ular har kun bu asarlarni sevib o‘qiydilar va mutolaa qiladilar”.
Ijod maktabi o‘quvchilariga Halima Xudoyberdievaday yuksak iqtidorli shoira bo‘lishni, elga, yurtga, millatga chin dildan xizmat qilishga shay ijodkor bo‘lish kerakligini tiladi.
Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy hozirgi kunda Abdulla Qodiriy uy muzeyi qilinayotgani, qurilish ishlari jadallik bilan olib borilayotgani, ulug‘ ehtirom uchun Qodiriylar sulolasi Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdan nihoyatda minnatdor ekanligini so‘zladi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Asadillo Xoliqov mehmonlarga va tadbir ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar hadya etdi.
Muhammad Ismoil,
Halima Xudoyberdieva nomidagi Ijod maktabi direktori