Guliston shahriga Xitoydan avtobuslar keltirildi
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyat aholisiga sifatli jamoat transporti xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, jamoat transporti parkini yangilash va yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Trans Imkon Servis” MCHJ tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy 12 dona “Zhong Tong” rusumli avtobuslar keltirildi.
Ushbu avtobuslar shahar transportiga barqarorlik va qulaylik olib kelishi kutilmoqda. Avtobusning umumiy yo‘lovchi sig‘imi 63 nafar bo‘lib, o‘rindiqlar soni 28 tani tashkil etadi. Avtobus past polli, nogironligi bor yo‘lovchilar uchun panduslar bilan jihozlangan. Shuningdek, har bir avtobusda 8 dona kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashadi.



Avtobuslar qishda issiq va yozda salqin ob-havo tizimi bilan jihozlangan. Bu transport vositalari nafaqat yoqimli va xavfsiz sayohatlarni ta’minlash, balki jamoat transporti tizimini rivojlantirish va aholining kundalik harakatini osonlashtirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri