Gulbog‘liklarning uzoq yillik orzusi
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining "Oqqo‘rg‘on tajribasi" asosida Toshkent shahridagi faoliyati davomida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ishsiz insonlar uchun doimiy ish o‘rnini yaratish, aholining real daromadini oshirishga katta e’tibor qaratilyapti. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 146 nafar murojaatchiga 3,6 milliard so‘m kredit ajratilgani, ayniqsa, endi oyoqqa turayotgan tadbirkorlar uchun katta madad, yaxshigina dastmoya bo‘ldi.
Bir misol, olmazorlik Umida Oxunova «Shifokorlar» mahallasida 210 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini yo‘lga qo‘yib, 20 dan ortiq ish o‘rni yaratdi. Biroq muassasani jihozlashga kelganda qiynalib qoldi. Ayni shu vaziyatda tadbirkor ayoldan hol so‘rab kelgan Ishchi guruh vakillari bu masalani tez orada hal qilib berdi. 1 milliard 300 million so‘m imtiyozli kredit evaziga bolajonlar uchun zamonaviy mebel jihozlari xarid qilindi.

«Ayollar daftari»da ro‘yxatda turgan Umida Toshmuhammedovaga ham o‘zi yashayotgan «Tabassum» mahallasidan ijaraga bo‘sh joy topib berilib, 30 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Buning evaziga ayol 5 ta tikuv mashinasi xarid qilib, ish boshladi.
Ikrom Sodiqov esa xuddi shunday e’tibor bois, 33 million so‘m kredit olib, "Shodiyona" mahallasida poyabzal ta’mirlash ustaxonasini ochdi.

Bektemir tumani "Mirishkor" mahallasida yashovchi Manzura Bayatovani ishli-daromadli qilish masalasi esa bir necha bosqichda hal qilindi. U avval tikuvchilik hunariga o‘qitildi. So‘ng 10 million so‘m subsidiya hisobiga 2 ta tikuv mashinasi bilan ta’minlandi.
Bu jarayonda elektr va issiqlik energiyasi, gaz, ichimlik suvi ta’minoti, yo‘llar ta’miri va infratuzilmalar bilan bog‘liq eng birlamchi hayotiy masalalarga yechim topilyaptiki, bu bilan ko‘plab oilalarni o‘ylantirayotgan tizimli muammolar ham hal qilinyapti.

Aytaylik, bu yilgi ayozning achchiq sabog‘idan so‘ng Chilonzor tumani "Bog‘zor" mahallasidagi 200 dan ortiq xonadonli ko‘p qavatli 3 ta uy namuna sifatida bazalt qoplamasi bilan o‘raldi. Bu bilan xonadonlar qishda sovuqdan, yozda issiqdan himoyalanadi. Shuningdek, mahalladagi 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarning tomi, fasadi, kirish yo‘laklari ta’mirlandi, temir eshiklar o‘rnatildi. Ichki ko‘chalar asfaltlandi, bolalar o‘yingohlari, vork autlar, shiyponlar o‘rnatildi.
Chilonzorning «Gavhar» mahallasiga ham yangi transformator o‘rnatilishi bilan esa 500 dan ortiq xonadonning elektr ta’minoti barqarorlashdi. Ya’ni shuncha xonadon vakillarini o‘ylantirgan tizimli masala hal qilindi.

Yakkasaroyning «Damariq» mahallasi Andijon ko‘chasida yashovchi aholi ham chiroq tez-tez o‘chishidan zada bo‘lib qolgan, sababi elektr tarmoqlari eskirib ketgan edi. Bu masala ham shu kunlarda bartaraf etilib, 2 kilometr tarmoq yangilab berilyapti.
«Bog‘saroy» mahallasi Kichik Mirobod ko‘chasidagi 8-uy yerto‘lasidagi issiq va oqava suv tarmoqlari ta’mirlanishi bilan 60 ta xonadonni o‘ylantirgan masalaga yechim topildi.
Yakkasaroyda ichki yo‘llarni ta’mirlash borasida ham ishlar avjida. «Tepa» mahallasi aholisi notekis, o‘ydim-chuqur yo‘llardan zada bo‘lib arz qilib kelardi. Murojaatlardan so‘ng bu masala dasturlarga kiritildi va asfaltlash ishlari boshlab yuborildi.
"Hamid Sulaymonov" mahallasi Shota Rustaveli ko‘chasidagi yo‘llar ham ta’mirlangach, ravon bo‘ldi.
Prezident Xalq qabulxonalarining o‘tgan yili Bektemir tumanidagi o‘rganishlaridan so‘ng "Yikota" mahallasi Temirchilar ko‘chasidagi pala-partish solib olingan uylar o‘rniga ichki imkoniyatlar hisobidan 65 ta oilaga yangi turar-joylar qurib berildi. Tuproq ko‘chalar asfaltlandi, 2 gektar yer chiqindilardan tozalandi. Bu maydonda bugun 3 ming tupdan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, bog‘ bunyod etilyapti.
"Gulbog‘" mahallasi aholisi esa ko‘p yillar yer osti quduqlaridan suv ichib kelgan bo‘lsa, endi dasturlar asosida qariyb 13 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortilyapti. Bu bilan 538 ta xonadonga obi-hayot kirib kelyapti, ko‘p millatli gulbog‘liklarning uzoq yillik orzulari ro‘yobga chiqyapti.
Xuddi shunday «Bektemir» mahallasiga 4,3 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 754 ta xonadonga obodlik olib kirilyapti. «Ustozlar» mahallasidagi 825 ta xonadon esa markaziy oqava suv tarmog‘iga ulanyapti.
Buning uchun 5,7 kilometr tarmoq tortildi.
O‘tgan yili Bektemir tumanidagi o‘rganishlar "Abay", "Yikota", "Iqbol" mahallalari yoshlari uchun umuman maktab yo‘qligini ko‘rsatgan edi. Bu masala tegishli yo‘l xaritasiga va dasturlarga kiritilgach, 29 milliard so‘m evaziga 900 o‘rinli zamonaviy maktab binosini qurish ishlari boshlab yuborildi.
«Bektemir» mahallasidagi 600 o‘rinli 348-umumta’lim maktabida esa joriy ta’mirlash ishlariga kirishilib,1976 yilda qurilib biron marta ta’mir yuzini ko‘rmagan maktabning tomi to‘liq yangilandi.
Bu kabi amaliy ishlar poytaxtimizning barcha tumanida amalga oshirilyapti.
O‘zA