«Guanjou»dan zarar ko‘rgan odamlarning pullari qaytarib berildimi?
Reklamaning aylanishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, iste’molchilarni noto‘g‘ri reklamadan himoya qilish, reklama bozori ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida joriy yilning 7 iyunida «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali «Aloqa xizmati va reklama faoliyatida uchrayotgan muammoli holatlar» mavzusida tashkil etilgan ovozli chat davomida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Bosh mutaxassislari Saidboburxon Jo‘rayev hamda Shahboz Zaripovlar reklama borasidagi savollarga javob berishdi.
— Reklama to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, endilikda qanday yangiliklar joriy qilinadi?
— Amaldagi qonunimiz 1998 yilda qabul qilingan bo‘lib, 30 ta moddadan iborat. Ushbu qonunga 15 martadan ziyod o‘zgartirishlar, qo‘shimchalar kiritilgan. Amaldagi qonunimiz reklama sohasida barcha qatlamlarni qamrab olmaganligi sababli hukumat tomonidan agentligimizga reklama to‘g‘risidagi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Mazkur qonun 8 ta bob, 54 ta moddadan iborat. Amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunda reklama beruvchining xohishiga ko‘ra davlat tilida yoki boshqa tillarda reklama berish mumkin edi. Yangi reklama to‘g‘risidagi qonunda reklama faqatgina davlat tili o‘zbek tilida beriladi. Tadbirkorlarning ehtiyojiga qarab boshqa tillarda dublikati, ya’ni ikkinchi nusxasini qo‘yish vazifasi yuklatildi. Bu qonun sentyabr oyidan kuchga kiradi.
— Bahor faslida «Guanjou» klinikasining faoliyatidagi qonun buzilish holatlari sabab jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Xo‘sh, «Guanjou»dan iste’molchilarning pullari undirib berildimi?
— Xalq tabobatiga ixtisoslashgan «Guanjou» xususiy tibbiyot klinikasi bo‘yicha bahor faslida Ichki ishlar vazirligi tomonidan dorilarni soxtalashtirish yo‘li bilan aholini aldash holati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoiy ish qo‘zg‘atilguniga qadar agentligimizga ham mana shu klinika ustidan bir qancha murojaatlar kelib tushgan edi. Ushbu murojaatlar agentligimiz tomonidan ijobiy hal etilib, iste’molchilarga 15.800 (o‘n besh million sakkiz yuz ming) so‘m miqdoridagi pullari qaytarib berildi.
Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ushbu klinikaga jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan so‘ng qolgan iste’molchilardan kelib tushadigan murojaatlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 25-moddasiga muvofiq o‘z vakolati doirasida ko‘rib chiqish uchun Ichki ishlar vazirligiga yo‘naltiriladi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/4EuthfspFFE" title="“GUANJOU”DAN ZARAR KO‘RGAN ODAMLARNING PULLARI QAYTARIB BERILDIMI?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
N. Rahmonova, Yo. Meliboyev (video), O‘zA