G‘ofur Xolnazarov Guanchjouda o‘tkazilgan xalqaro kasbiy mahorat tanlovi sovrindori bo‘ldi
Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ axborot xizmati xabar berdi. Unda ma’lum qilinishicha, yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahrida Osiyo davlatlari hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo mamlakatlar energetika sohasi mutaxassislari ishtirokida xalqaro kasbiy mahorat tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Sirdaryo IES filiali elektr sexi boshlig‘i o‘rinbosari G‘ofur Xolnazarov munosib ishtirok etib, 24 nafar ishtirokchi orasida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat mutaxassisning shaxsiy mahorati, balki mamlakatimiz energetika sohasida kadrlar tayyorlash tizimi va amaliy tajribaning yuqori darajada ekanini ham namoyon etdi.
Tanlov doirasida G‘ofur Xolnazarov “110 kV yuqori kuchlanishli kabel liniyalarida sinov ishlari va kabel muftalarini montaj qilish” yo‘nalishida o‘z salohiyatini namoyish etdi. Ishtirokchilar kabel liniyalaridagi nosozliklarni aniqlash, kabel parametrlarini belgilash, yuqori kuchlanishli kabel muftalarini montaj qilish, shuningdek, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilish bo‘yicha baholandi.

Musobaqa Osiyo davlatlari va SHHTga a’zo mamlakatlar energetika sohasi vakillari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rin Xitoy Xalq Respublikasi vakiliga nasib etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston vakili – Sirdaryo IES mutaxassisi G‘ofur Xolnazarov egalladi.
– Bu xalqaro tanlov men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Turli davlatlardan kelgan yuqori malakali mutaxassislar bilan bir maydonda bellashish, ularning ish uslubi va yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Erishgan ushbu natija nafaqat mening shaxsiy yutug‘im, balki mamlakatimiz energetika sohasi mutaxassislarining yuqori kasbiy salohiyati va tayyorgarligi e’tirofi, deb hisoblayman. Bu yerda orttirgan bilim va amaliy tajribamni Sirdaryo IESdagi faoliyatimda samarali qo‘llab, elektr tarmoqlarining ishonchliligi va xavfsizligini yanada oshirish, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yo‘lida astoydil safarbar qilaman, – dedi G‘.Xolnazarov.

Ta’kidlash kerakki, mazkur yutuq o‘zbekistonlik energetiklarning xalqaro maydonda ham yuksak kasbiy tayyorgarlikka ega ekanini yana bir bor isbotladi. Bunday natijalar sohada ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, xalqaro tajriba almashish va energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA