Global sanoat standartlari sari yangi qadam: O‘zbekiston Xalqaro payvandlash institutiga qo‘shildi
O‘zbekiston rasman Xalqaro payvandlash instituti (International Institute of Welding - IIW)ga a’zo bo‘ldi, bu esa milliy payvandlash sanoatini rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarish sifatini oshirish va mamlakatni xalqaro texnik standartlar hamda kasbiy malaka tizimiga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Bir qarashda, ixtisoslashgan xalqaro tashkilotga a’zolik tor professional masala bo‘lib tuyulishi mumkin. Aslida bu O‘zbekiston uchun nimasi bilan ahamiyatli?
– Payvandlash texnologiyalari zamonaviy sanoatning deyarli barcha tarmoqlarida — mashinasozlik va energetikadan tortib, qurilish, neft-gaz sanoati, temir yo‘l transporti va murakkab uskunalar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan sohalarning muhim qismi hisoblanadi, deydi Olmaliq davlat texnika instituti rektori O‘tkir Xoliqulov. – Shu sababli, payvandlash ishlari sifatini oshirish sanoat mahsulotlari va infratuzilmaning ishonchliligi hamda xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq.

IIW a’zoligining asosiy afzalligi xalqaro professional va texnologik ekotizimga kirish imkoniyatidir. Tashkilot butun dunyodan mutaxassislar, tadqiqotchilar, sanoat va ta’lim muassasalari vakillarini birlashtiradi hamda bilim almashish, payvandlash va materiallarni birlashtirishning ilg‘or texnologiyalarini rivojlantirish, xalqaro standartlashtirish, shuningdek, ta’lim, tayyorgarlik, malaka va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirishga hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston uchun bu kadrlar tayyorlash va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga xalqaro yondashuvlarni yanada faolroq joriy etish imkoniyatini anglatadi.
Bu, ayniqsa, sanoat eksporti uchun muhim ahamiyatga ega. Mahsulotlarning payvandlangan birikmalar sifati, ishlab chiqarish jarayonlari va xodimlar malakasiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligi qanchalik yuqori bo‘lsa, korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilishi hamda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarida ishtirok etishi shunchalik osonlashadi. Shu nuqtai nazardan, IIWga a’zolik O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari va vakolatlariga ishonchni oshirish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.
Yana bir muhim yo‘nalish – mutaxassislarni tayyorlash va sertifikatlash milliy tizimini rivojlantirish. IIW xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va sertifikatlash bo‘yicha xalqaro uyg‘unlashtirilgan yondashuvlarni, shuningdek, tegishli dasturlarni amalga oshirish uchun milliy tashkilotlarni avtorizatsiya qilish mexanizmlarini nazarda tutadi. Shu bilan birga, IIW a’zosi maqomini olish mamlakatda xalqaro malaka va sertifikatlashtirish milliy infratuzilmasini yanada rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi. Ushbu tashkilotda milliy vakil sifatida Olmaliq davlat texnika instituti rasman tasdiqlandi.
Texnologik hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. IIW ishchi tuzilmalarida ishtirok etish milliy mutaxassislarga xalqaro ekspertlar hamjamiyati bilan muloqot qilish, munozaralarda ishtirok etish, ilg‘or tajribalarni almashish va materiallarni payvandlash va biriktirish sohasidagi zamonaviy bilimlardan foydalanish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, avtomatlashtirilgan, robotlashtirilgan va raqamli sanoat rivojlanayotgan sharoitda dolzarbdir.
Shu bois, O‘zbekistonning Xalqaro payvandlash institutiga a’zo bo‘lishini shunchaki navbatdagi xalqaro tuzilma bilan hamkorlik deb baholamaslik kerak. Bu qadam milliy sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, jahon sifat standartlarini joriy etish hamda mamlakatning eksport salohiyatini tubdan mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik vositadir.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA