Global forumning ikkkinchi kuni boshlandi
Hozirgina Samarqand shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” Xalqaro turizm markazida o‘tayotgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusidagi Global forumning uchinchi yalpi majlisi – ikkinchi ish kuni boshlandi.
Dastlab YUNESKO Bosh direktorining ta’lim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Stefaniya Janni hamda Parlamentlararo ittifoq prezidenti Duarte Pacheko ishtirokchilarga video murojaat yo‘lladi. Shuningdek, AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi koordinatori, “The Bukharian Times” gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov so‘zga chiqdi.
Kecha ikkinchi yalpi majlisda butun dunyoda inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi yosh pedagoglar tajribasini ommalashtirishga qaratilgan hujjat loyihasi muhokama qilindi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va o‘qitish bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi Yelena Ippoliti hamda mazkur bo‘lim xodimi Paulina Tandiono ayni mavzuda ma’ruza qildi.
To‘rtinchi yalpi majlisda esa ishtirokchilarning taklif, tavsiyalari asosida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan yakuniy hujjat - “Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi” qabul qilinadi. Shuningdek, dasturga muvofiq, forum so‘ngida “Inson huquqlari uchun” ko‘krak nishoni va inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha tanlov sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning nufuzli universitetlari inson huquqlari bo‘yicha yetakchi professorlari ishtirokida mamlakatimizning yuridik ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari” ham o‘tkaziladi.
Birozdan so‘ng yakuniy hujjat to‘g‘risida batafsil ma’lumot beriladi.
O‘zAni kuzatib boring.
Behruz Xudoyberdiyev,
Doniyor Yakubov (surat),O‘zA
O‘zA