Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Urganch shahrida Xorazm viloyati bojxona boshqarmasining “Kontrabandaga qarshi kurashish” bo‘limi hamda viloyat DXX xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Gurlan tumanida yashovchi fuqaroga tegishli “Damas” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida transport vositasining yashirin qismida dokaga o‘ralgan holda saqlangan salkam 50 gramm "gashish" giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur transport vositasi Gurlan tumanidan Urganch shahrigacha haydovchining tanishi tomonidan boshqarib kelingan va giyohvandlik vositasi aynan o‘sha shaxsga tegishli bo‘lgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda eslatma, transport vositasida aniqlangan noqonuniy yuk uchun uning egasi ham qonun doirasida javobgar bo‘lishi mumkin. Ogoh bo‘ling, zero ogohlik davr talabi. Bir lahzalik ishonch ortidan og‘ir oqibatlarga duch kelmang.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA