Gidroenergetika sohasida olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
O‘zbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sug‘orish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va ko‘mirga bog‘liq. Gidroenergiya ulushi esa 10-12 foiz atrofida. Shu bois, gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilg‘i resurslariga bog‘liqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda sohada salmoqli natijalarga erishildi. 2017-yilda 36 ta bo‘lgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilda 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshdi.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan gidroagregat va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi “UzHydroPower” zavodi tashkil etildi. O‘tgan yili ishga tushirilgan Norin GESlar kaskadining birinchi bosqichi ilk marotaba “milliy loyiha” modeliga asosan amalga oshirilib, barcha jarayonlar to‘liq mahalliy korxonalar tomonidan bajarildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali ishga solinmagani qayd etildi. Aholi va iqtisodiyot o‘sishi bilan elektr energiyasiga talab oshib borayotganini hisobga olib, bu salohiyatdan to‘liq, har bir daryo, soy va kanallarda foydalanish hamda yangi quvvatlarni jadal ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda 2026-2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar bo‘lgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.
Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunga qo‘shimcha Bo‘stonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Bo‘stonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar bo‘lgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat bo‘ladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.
Farg‘ona viloyati So‘x tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida So‘x GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt bo‘ladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqori To‘palang hududining gidroenergetika salohiyati ham ko‘rib chiqildi. “To‘palang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Dunyo amaliyotida gidro to‘plash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda ham ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt bo‘lgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.
Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteoma’lumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini ta’minlash uchun 3,5 mingta nazorat-o‘lchov apparatlari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etish bo‘yicha ishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo bo‘yi” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.
Poytaxtda 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.