Germaniyalik shifokorlar O‘zbekistonda
Ayni kunlarda Germaniyaning Robert Kox instituti tajribali mutaxassislari yurtimizda bo‘lib, pandemiyaga qarshi kurashda mamlakatimiz tibbiyot xodimlariga ko‘maklashmoqda.
Yurtimizdagi koronavirus bilan bog‘liq hozirgi vaziyat mutaxassislar tomonidan tahlil qilinib, o‘zaro tajriba almashilmoqda. Xorijlik mutaxassislar, jumladan, guruh rahbari Gerald Ripberger Yevropa davlatlari “COVID-19”ning ikkinchi to‘lqinini boshdan kechirayotgan bir paytda O‘zbekistondagi ijobiy ko‘rsatkichlarni e’tirof etdi.
– Albatta, Yevropadagi vaziyat iqlim sharoitlari, kunning sovushi bilan bog‘liq, – deydi Gerald Ripberger. – Ammo, shu bilan birgalikda, bunga ayrim odamlarning ijtimoiy masofani saqlamay qo‘ygani, jamoat joylarida muntazam niqob taqmayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Tushunamiz, odamlar karantin choralaridan biroz charchashdi. Lekin ularga amal qilmaslik yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Darhaqiqat, mutaxassis ta’kidlaganidek, sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik, ayniqsa, aholining niqob taqmasligi har qanday mamlakatda ikkinchi to‘lqinning boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, har birimiz jamoat joylarida niqob taqishimiz, ijtimoiy masofani saqlashimiz, qo‘llarimizni tez-tez yuvishimiz lozim.