Gender tenglikning ahamiyati nimada
Asrlar davomida jamiyatimizda ayolning o‘rni o‘choq boshida, vazifasi bola tarbiyasi, oila a’zolari va qarindoshlariga xizmat qilish, degan fikr ustuvor bo‘lib keldi.
bugungi taraqqiyot va globallashuv davrida ham bunday qarashdagi insonlar hali ham topiladi.
Nima ayol kishi rahbar bo‘la olmaydimi? Biror sohani boshqarishga qurbi yetmaydimi? O‘zi gender tenglik jamiyatga nima beradi? Ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohada erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlar asosida faoliyat yuritishi mamlakatning rivojlanishiga hissa qo‘shadimi?
Gender tenglik, avvalo, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohada erkaklar bilan teng huquq va imtiyozlar asosida faoliyat olib borishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ta’kidlash kerak, 2018 yildan boshlab O‘zbekistonda gender tengligi siyosati muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlandi. Natijada Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Senatda esa, bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizga yetdi. O‘zbekiston parlamenti ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi. 2020 yilda Feruza Mahmudova O‘zbekistonning Isroil davlatidagi elchisi etib tayinlandi. Eng quvonarlisi, Senat raisi lavozimiga mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ayol kishi – Tanzila Norboyeva saylandi.
Shaxslar ijtimoiy mavqei, jinsi va boshqa ko‘rsatkichlaridan qat’iy nazar inson huquqlaridan bir xilda foydalana olsa, gender tengligi yuzaga keladi. Bitta huquq ham erkakda, ham ayolda bo‘lsa-yu, erkak bu huquqdan foydalansa, ammo ayol ayol bo‘lgani uchun ham foydalana olmasa, mana shu nuqtada gender muvozanati buziladi. Bunday buzilishlarning bo‘lishi esa jamiyatda erkaklar ustunroq, ayollar quyiroqda degan tushunchani paydo qilishi mumkin. Aslida esa huquqlar baravar, lekin shu huquqdan foydalanish imkoniyati turli to‘siqlar bilan kamaytiriladi.
Gender tengligi bo‘yicha muammolar ilgari ham yetarlicha mavjud bo‘lgan. Ammo ular haqida gapirilmagan, muammolar tabiiy hol deb qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa manbalar o‘qilsa, Qur’on va hadislar bilan tanishsa, aslida boshqacha bo‘lishi, muammolarsiz yashash mumkinligini tushunish mumkin. O‘zbek mentalitetida ham, dinimizda ham ayolni xo‘rlash yo‘q.
Xo‘sh gender tengligi va feminizm o‘rtasidagi chegara qayerda?
Gender tengligi O‘zbekiston uchun yangi tushuncha emas. U bizda allaqachon boshlangan. Islom dinida ayolni xo‘rlamaslik, qizlarni tarbiyalaganlarning jannatga tushishi, jannat onalar oyog‘i ostiga ekani uqtirilgan. G‘arb esa bu tushunchalarga ancha keyin kelgan. Islomda ayollarning merosxo‘r bo‘la olish, guvohlik berish, o‘z roziligi bilangina kim bilandir nikoh qurishi kabi huquqlari G‘arb jamiyatidan avvalroq tasdiqlab bo‘lingan edi. Gender tengligi shaxslarning jinsidan qat’iy nazar teng bo‘lishi kerakligini ilgari sursa, feminizm faqatgina ayollar huquqlariga urg‘u beradi.
Mohinur Ro‘ziyeva,
Samarqand davlat universiteti talabasi
Yilning eng yaxshi yosh olimi.