Gandbol: Toshkentda Markaziy Osiyo chempionati g‘oliblari aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” majmuasida gandbol bo‘yicha ayollar va erkaklar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Bir hafta davom etgan murosasiz bahslarda O‘zbekiston jamoalari bilan bir qatorda Qozog‘iston va Hindiston gandbolchilari o‘z omadini sinovdan o‘tkazdi.
Chempionatning erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, finalda Qozog‘istonning “Astana” va mamlakatimizning “UZBEKISTAN TEAM” jamoalari ro‘baro‘ keldi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahsda mamlakatimiz gandbolchilari qo‘shni davlat vakillarini 32:27 hisobida mag‘lub etdi va Markaziy Osiyo chempioniga aylandi. 3-o‘rin uchun o‘tkazilgan to‘qnashuvda Qozog‘istonning “TURAN” vakillari mamlakatimizning "OKMK" jamoasidan 29:22 ko‘rinishida ustun kelib, bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning xotin-qizlar jamoalari musobaqasida g‘oliblik “OKMK” gandbolchi qizlari jamoasiga nasib etdi. Olmaliq kon metallurgiya klubiga qarashli jamoa Xorazmning "MA’MUN" gandbolchilarini 29:28 hisobida yengdi va g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
O‘z navbatida 2-o‘rin "MA’MUN", 3-o‘rin esa Surxondaryoning "Ter DU" jamoasini 34:33 ko‘rinishida yenggan Qozog‘istonning “SHYMKENT” jamoasiga tegishli bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA