G‘alladan bo‘shagan yerlardan unumli foydalanilmoqda
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani fermerlari g‘alla mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazib, ulkan xirmon yaratdi. Ayni kunlarda o‘rilgan g‘allazorlarni somondan tozalash, shudgorlash tadbirlari davom etmoqda.
Tumanda yashovchi kam ta’minlangan moddiy ko‘makka muhtoj xonadonlarga bepul bug‘doy, presslangan somon tarqatilmoqda. Takroriy ekin ekish uchun yer maydonlari ajratilmoqda.
Muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hozirga qadar 5847 xonadonga 117 ming dona somon-press shuningdek, 1,5 ming tonna sara bug‘doy tarqatildi. Bulardan tashqari, ushbu toifadagi xonadonlarning har biriga takroriy ekin ekish, ro‘zg‘or kam-ko‘stini qoplashlari uchun 20-30 sotixdan yer maydoni ajratilmoqda.

– Shu orqali mahallamizdagi “Temir”, “Ayollar” hamda “Yoshlar” daftarlarida turgan kam ta’minlangan, moddiy madadga muhtoj oilalarga dalada mehnat qilib, daromad topishlari uchun sharoit yaratib berilmoqda, – deydi “Polvonlar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Malika Rajabova.

Bu jarayonda tuman hokimligi vakillaridan tarkib topgan ishchi guruhlari tomonidan ekin yerini fermer xo‘jaliklari tomonidan tayyorlab, sug‘orib, haydab berilishi kabi yumushlar ham alohida nazoratga olingan.

Ma’lumot uchun, joriy yilda tumanda ertangi ekinlardan va g‘alladan bo‘shagan jami 5 915 gektar yer maydonida takroriy sabzavot va poliz mahsulotlari bilan birga, chorva mollari uchun talab qilinayotgan zaxirani tayyorlash maqsad qilingan. Uning 4329 gektarini aynan moddiy ko‘makka muhtoj aholi qatlamiga ajratish nazarda tutilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA