G‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda
Ko‘pni ko‘rgan tajribali dehqon-u fermerlar g‘alla parvarishida har bir agrotexnik tadbir o‘z vaqtida bajarilsagina kelgusi yilda ko‘zlangan hosilni olish mumkin, deb hisoblaydi. Shu bois qishning sovuq kunlariga qaramasdan ular asosiy g‘alla maydonlarida erta bahorda “sharbat”bilan sug‘orish uchun gektariga 3 tonnadan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va g‘alla maydonlarida suv kirish qismining har 5 gektariga mo‘ljallab sharbat xandaqlar qazib, mahalliy o‘g‘it bilan to‘ldirmoqda.
Viloyatda 2023 yil hosili uchun 39 ming 657 gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lib, ayni paytda 12 ming 951 gektar maydonda ekilgan don to‘plash fazalarida rivojlanmoqda.
G‘allaning yaxshi o‘sishi va hosildorlik mo‘l bo‘lishida mahalliy o‘g‘it bilan sug‘orishning ahamiyati katta. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va xandaqlar qazilishi yuzasidan profilaktik, nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shu kunga qadar viloyat bo‘yicha g‘alla maydonlariga 23 ming 449 tonna mahalliy o‘g‘it chiqarildi. Shuningdek, har 5 gektarga bittadan, jami 1 ming 279 dona xandaq qazilib, 553 tonna azotli mineral o‘g‘it zaxirasi yaratildi.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan mo‘l hosil olinadi. Joriy yilda qiziltepalik fermerlar 10 ming 224 gektar maydondan 21 ming tonnadan ziyod don yig‘ishtirib oldi. Kelgusi yilda ham ular g‘allachilikda yuqori natijalarga erishish maqsadida 10 ming 972 gektar maydonga g‘alla ekkan. Hozirda 2 ming 795 gektari rivojlanish fazasida bo‘lib, 4 ming 800 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arildi, 373 ta sharbat xandaqlar qazildi.
– Tumanda 200 dan ortiq g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari mavjud, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Qiziltepa tuman bo‘limi katta inspektori Olim Atavullayev. – Hududlar kesimida har bir fermer xo‘jaligi rahbarlari bilan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazib kelyapmiz. Bundan tashqari, o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarimizda g‘alla parvarishidagi kamchiliklarni bartaraf etilishi yuzasidan 147 ta ogohlantirish xatlari va 85 ta yozma ko‘rsatma berildi.
– Kelgusi yil hosili uchun 33 gektarga kuzgi don ekkanmiz, – deydi “Omad va ishonch” fermer xo‘jaligi rahbari Furqat Jumayev. – Xo‘jaligimizda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va xandaq qazish ishlari to‘liq bajarildi. Hozirda ariq va zovurlar tozalanyapti.
Albatta, bugungi harakat ertaga o‘z natijasini beradi. Fermer xo‘jaliklarida g‘alla parvarishiga oid agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi esa mo‘l hosil olinishiga zamin yaratadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA