Gʻallaorolda uchta yangi bogʻcha ish boshladi
Davlat xususiy sherikchilik asosidagi muassasalaridan biri tumanning olis hududlaridan biri Lalmikor qishlogʻida faoliyat boshladi.
Davlat xususiy sherikchilik asosidagi muassasalaridan biri tumanning olis hududlaridan biri Lalmikor qishlogʻida faoliyat boshladi.
– 175 oʻrinli zamonaviy taʼlim muassasasini qurib ishga tushirishda bankning 1 foizli kreditidan foydalandik, – deydi “Baby stars” maktabgacha taʼlim muassasasi mudirasi Zebiniso Komolova. – Zamonaviy loyiha asosida qurilgan inshootda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasada ingliz tili oʻrgatish, sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, tumandagi Koʻkgumbaz qishlogʻida tashabbuskor Ulboʻsin Omanova, Sarbozor qishlogʻida tashabbuskor Lola Mamatqulova davlat sherikchilik asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini ishga tushirdi.
Ushbu yangi inshootlarning ishga tushirilishi bilan tumandagi jami 14 ming 200 nafardan ziyod bolalarning 4 ming 168 nafari yoki 30 foizi maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olindi. Joriy yilda tuman boʻyicha 11 tadbirkor davlat sherikchilik asosida maktabgacha taʼlim muassasalarini barpo etayotir.
Jizzax viloyatida Prezidentimizning 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan davlat sherikchilik asosidagi va xususiy maktabgacha taʼlim muassasalarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilning birinchi yarimida 12 ta davlat xususiy sherikchilik asosida faoliyat koʻrsatayotgan maktabgacha taʼlim muassasalariga 628,9 million soʻm hamda 212 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga 3 milliard 774,7 million soʻm, jami 4 milliard 403,6 million soʻm davlat byudjetidan subsidiyalar ajratildi.