Futzalchilarimiz peshqadam bo‘lib olishdi
II Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sport o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan, poytaxt chetidagi “Uruche” nomli sport saroyida bo‘lib o‘tayotgan mini futbol bahslarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mezbon – Belarusni sezilarli ustunlik bilan mag‘lub etib, musobaqa tugashiga bir tur qolganda yetakchilikni qo‘lga oldi. Avvaliga Rossiya bilan durang o‘ynab, keyin ozarbayjonlik tengdoshlarini 9:1 hisobida yutgan yigitlarimiz 7 ochko to‘pladi va hozircha jadvalni boshqarib bormoqda.
Ko‘rinib turganidek, O‘zbekiston va Rossiya bir xil ochko jamg‘argan, to‘plar nisbati esa bizda yaxshiroq – 16-4 ga 13-4. Oxirgi tur oldidan jamoamizda oltin medallar uchun ajoyib imkoniyat yuzaga kelgan. Zero, musobaqa nizomiga ko‘ra, o‘yinlar g‘olib va sovrindorlari bir davrali aylana tizim yordamida aniqlanadi. Bugun so‘nggi raqibimiz Qirg‘izistonga qarshi kechadigan matchdan keyin maydonga Rossiya va Belarus vakillari tushadi. Demak, qardoshlarimiz ustidan g‘alaba qozonishimiz shart va iloji boricha yirikroq hisobda. Ikkinchi juftlik ham faqat yutuq uchun harakat qiladi, ko‘proq to‘p kiritib, kamroq o‘tkazish niyatida bo‘ladi.
Endi O‘zbekiston – Belarus o‘yini haqida.
Birinchi bo‘lim, kutilganidek, teng kurash ostida kechdi va hamyurtimiz Jahongir Narzullayevning yagona goli evaziga hisobdagi ustunlik biz tomonga o‘tdi. Hakamning tanaffusga chorlovchi hushtagi yangrashiga atigi 15 soniya qolganda kiperimiz Umarov 100 foizlik golli vaziyatda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Aynan shu harakat futzalchilarimizga ruhiy ustunlik bag‘ishlab, ularni 2-bo‘limda ishonch bilan to‘p surishga ilhomlantirdi. Qolaversa, ikkinchi taymda maydon egalari hujumni kuchaytirishlarini yaxshi anglab yetgan murabbiylarimiz qarshi hujum taktikasini ma’qul ko‘rib, juda to‘g‘ri yo‘lni tanlashdi.
2-bo‘lim to‘liq Belarus futzalchilari hujumi ostida o‘tdi. Ashirbek To‘lqinov esa ikki bor raqiblarni qarshi hujumda jazoladi – 0:3. Uchrashuv yakunlanishiga 4 daqiqa qolgandan boshlab, maydon egalari bosh murabbiyi oxirgi chorani qo‘llashga majbur bo‘ldi – darvozabonni beshinchi o‘yinchi bilan almashtirdi. Bu usul ham Belarus zarariga, O‘zbekiston foydasiga ishladi. Maydon markazida raqibdan to‘pni olib qo‘ygan Fazliddin Botirov uzoq masofadan turib ochiq darvozani aniq nishonga ola bildi. Bu o‘yin taqdiri hal bo‘lganini bildirardi. Yakuniy hisob mehmonlar foydasiga – 4:0.
Adolat yuzasidan O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini ishonch bilan qo‘riqlagan Umarov har ikki taymda bir necha martadan 100 foizlik vaziyatlarda jamoasini goldan asrab qolganini e’tirof etish kerak.
Yana bir bor ta’kidlab o‘taman, futzal bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida II MDH sport o‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritish uchun yaxshigina imkoniyat bor.
Hal qiluvchi o‘yinni futzalchilarimiz bugun mahalliy vaqt bilan soat 14.00, Toshkent vaqti bilan 16.00 da o‘tkazadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jcZJiPn2S1Y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>G‘ayrat XONNAZAROV,
Yoqubjon MELIBOEV (surat, video), O‘zA
Minsk, Belarus