Futbol: CAFA va O‘FA hamkorligi kengaymoqda
2023 yil Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tizimidagi bir qator musobaqalar O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Bu haqda Toshkentda Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tildi.
CAFA mutasaddilari va O‘FA rahbariyati o‘rtasida kechgan muloqot davomida O‘zbekiston va CAFA ga a’zo davlatlarning hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga chiqayotganligi alohida ta’kidlandi. Mintaqada futbol rivojlanib borayotganligi, bu borada barcha a’zo mamlakatlarda katta sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

O‘FA rahbariyati CAFA bilan keng ko‘lamli loyihalarini amalga oshirilishidan har doim mamnun ekanligini bildirdi.
O‘z navbatida CAFA mutasaddilari yurtimizda futbolni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va xalqaro musobaqalarni o‘tkazishdagi ishlarni yuqori baholab, O‘zbekiston CAFAning mintaqadagi eng ishonchli hamkori ekanligini e’tirof etdi.
Muloqotlar davomida CAFA turnirlarini yurtimizda o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, kelgusi yilning fevral oyida Toshkentda o‘tadigan “CAFA Womens Futsal Championship 2023” turniriga tayyorgarlik jarayonlari, shuningdek, 2023 yil may oyida 2005 yilda tug‘ilgan futbolchilar o‘rtasidagi musobaqani ham O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar va keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida suhbatlashildi.
Bundan tashqari, kelgusida CAFA ga a’zo davlatlarning milliy terma jamoalari o‘rtasida turnir tashkil etish va uni yurtimizda o‘tkazish borasida takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA