Fuqaroning tug‘ilganlik fakti belgilandi
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro Amandar Do‘stmurodovning tug‘ilganlik faktini belgilashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati soha xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Aniqlanishicha fuqaro A.Do‘stmurodov tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish masalasida FHDYO bo‘limiga murojaat qilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 387-sonli qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan 16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilishi tushuntirilgan.
Shunga ko‘ra, fuqaro A.Do‘stmurodovning viloyat adliya boshqarmasiga qilgan murojaati bo‘yicha uning manfaatlarini ko‘zlab Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga tug‘ilganlik faktini belgilash to‘g‘risida ariza kiritildi.
Sudning qaroriga asosan fuqaroning tug‘ilganlik fakti belgilandi. Buxoro shahar 2-son fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan Amandar Do‘stmurodovga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA