Fransiya tashqi siyosat idorasida uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Parij shahrida Fransiya Respublikasi Yevropa masalalari va tashqi ishlar vazirligi Osiyo va Okeaniya departamenti direktori Bertran Lortolari bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Fransiyaning afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlari hamda ushbu mamlakatga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Janob Lortolari Fransiya va Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordamni yuqori baholadi hamda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lida mamlakatimiz bilan faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, afg‘on muammosi bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
O‘zbekistonning Termiz shahrida BMT shafeligida afg‘on xalqiga insonparvarlik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro xab tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan keyin ham Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati