Farzand ona tarbiyasiga qaytarildi — MIB
Ona farzandiga yetarlicha mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi mumkin, ammo u ota mehrini bera olmaydi. Chunki bola o‘ziga bo‘lgan ishonchni va jasoratni otadan olib o‘sadi. Shuningdek, ota farzandiga otalik mehrini berib, uni bekam-u ko‘st voyaga yetkazishi mumkin, ammo bolaning ona mehrini ko‘rmay o‘sganligi hayot yo‘llarida baribir seziladi.
Shu tariqa oilada ota-onaning bir farzand tarbiyasidagi o‘rni, mehri va g‘amxo‘rligi alohida va o‘ziga xos bo‘ladi.
Ajrim esa har qanday vaziyatda ham eng oxirgi yo‘l bo‘lib, holat shu darajaga yetgunga qadar, oila ustunini saqlab turish har ikki tomonning birdek mas’uliyatli burchi bo‘lishi kerak. Qolaversa, ajrim oqibatida voyaga yetmagan bolalarning nozik qalbi parchalanmasligi uchun ham ota va ona birdek, oilani saqlab qolishga intilishi maqsadga muvofiqdir.

Misol uchun, Byuroning Farg‘ona tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan holatga ko‘ra, ayol va erkak orasida kelib chiqqan tushunmovchiliklar oqibatida Ne’matovlar oilasiga darz ketadi, farzand esa ota tarbiyasida qoladi. Besh oy davomida farzandini ko‘rishdan mahrum bo‘lib kelgan ona oxir-oqibat sudga murojaat qilib, sud qaroriga ko‘ra bola onasining qaramog‘iga qaytarilishi belgilanadi.
Sobiq turmush o‘rtoq avvaliga farzandini onasiga qaytarishni istamaydi, bola ham onasidan yashirinib, uyga qulflanib oladi. Ammo onaning mehrli so‘zlari va erkalashlari bola qalbidagi go‘daklarga xos bo‘lgan arazni eritib yuboradi.
Sud qarori ijrosini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Byuroning Farg‘ona tuman bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur oila a’zolari va xonadon vakillariga tushuntirish ishlari olib borilgach, bola onasi qaramog‘iga topshirilgan.
M.Eshmirzayeva, O‘zA