Farmatsevtika: xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy faollik
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan xalqaro kompaniyalar va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda sohaning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi tashabbuslar milliy farmatsevtika va kosmetika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or texnologiyalar va boshqaruv tajribalarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, agentlik direktori Abdulla Azizov hamda “ALCAN” kompaniyasi rahbari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Unda kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari va istiqboldagi rejalari atroflicha ko‘rib chiqildi. “ALCAN” kompaniyasi tomonidan xorijiy hamkorlarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish orqali eksport salohiyatini kengaytirishga qiziqish bildirildi.
Uchrashuvda agentlik tomonidan bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, investorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, muzokaralarni tashkil etish hamda tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Bu kabi muloqotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlar bilan bog‘lash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, agentlikda xalqaro tajribani o‘rganish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim tadbir ham tashkil etildi. Xususan, Irlandiyaning nufuzli “Saviday” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida “Investitsiyalarni jalb qilish” mavzusida o‘quv-trening o‘tkazildi. Mazkur trening xodimlarning investitsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, investorlar bilan ishlash va muzokaralar olib borish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
To‘rt kunlik dastur doirasida ishtirokchilar ilg‘or xalqaro tajribalar, real keyslar va zamonaviy yondashuvlar asosida bilimlarini boyitmoqda. Bu esa kelgusida investitsiya loyihalarini samarali ilgari surish va xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, xalqaro ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘nalishida ham amaliy qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, agentlik direktori Abdulla Azizov hamda Turkiya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Ataturk universiteti rektori doktor Ahmet Hajimuftuo‘g‘lu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida mazkur universitetning tibbiyot, farmakologiya, genetika, biotexnologiya va klinik tadqiqotlar sohalaridagi ilmiy salohiyati hamda zamonaviy infratuzilmasi alohida qayd etildi. Shuningdek, oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuvda tomonlar xalqaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va istiqbolda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Shu bilan birga, agentlik tizimidagi ta’lim va ilmiy muassasalar, jumladan biofarmatsevtika yo‘nalishidagi loyihalar hamda klinik tadqiqot infratuzilmasining mavjud imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralar yakunida ta’lim, ilm-fan, biotexnologiya, farmatsevtika va klinik tadqiqotlar sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini ilgari surish hamda muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Umuman olganda, xalqaro kompaniyalar va nufuzli ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish hamda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan bunday kompleks yondashuv farmatsevtika tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga, uning global bozordagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA