Farg‘ona viloyatida shartnomaviy reja bajarildi
Farg‘ona viloyatida 2026-yil hosili uchun 92,2 ming gektar maydonda boshoqli don ekinlari agrotexnik talablar asosida parvarishlandi. Mo‘l hosil yetishtirilib, g‘alla o‘rimi mavsumi uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Viloyatda har gektardan o‘rtacha 100 sentnerdan hosil olish hisobiga jami 900 ming tonnadan ortiq yalpi don mahsuloti yetishtirish rejalashtirilgan.
G‘allachilikda hududlar iqlimi va tuproq sharoitiga mos navlarni tanlash, ilm bilan yondashuv, urug‘larni sifatli tayyorlash hamda zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘ldi. Belgilangan shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarilib, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida katta mehnat g‘alabasiga erishildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, g‘alla mustaqilligini yanada mustahkamlash, don yetishtirish madaniyatini yuksaltirish hamda aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasini Farg‘ona viloyati misolida ko‘rish mumkin. Bugungacha davlatga 307 ming tonnadan ziyod sara don yetkazib berildi. Ayniqsa, Buvayda, Beshariq, Bag‘dod, Uchko‘prik, Qo‘shtepa tumanlari hamda Quvasoy shahri g‘allakorlari belgilangan rejani birinchilar qatorida ortig‘i bilan bajarib, yuqori natijalarni qayd etdi.

Shuningdek, Buvayda tumanidagi “Munis Ro‘zali Mumtoz”, “Saminjon ota”, “Hafizaxon Bonuxon”, “Yahyobek Muhsinbek”, Bag‘dod tumanidagi “A. Madaminov”, “G‘ani ota”, “Abdumutal Bag‘dod”, Qo‘shtepa tumanidagi “Davr Tursun” va “Nasibaxon Habibaxon” fermer xo‘jaliklari har gektardan 100 sentnerdan ortiq g‘alla hosili oldi.

Ayni kunlarda viloyatda hosilni yig‘ib-terib olish ishlari izchil davom etmoqda.
Shuningdek, gʻalladan boʻshagan maydonlarda takroriy ekin ekish ishlari jadal surʼatda olib borilyapti.
Muhammadjon Obidov, O‘zA