Farg‘ona mahsulotlari xorijda
“Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar bugun dunyo bozoridan mustahkam joy olmoqda. Farg‘ona viloyatidagi yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ham xorijlik xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
“Made in Uzbekistan” yorlig‘i tushirilgan mahsulotlar bugun dunyo bozoridan mustahkam joy olmoqda. Farg‘ona viloyatidagi yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlar ham xorijlik xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalar eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilayotgan alohida e’tibor iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
Farg‘ona viloyatida ham xorij kapitali ishtirokida ko‘plab ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi. 2015-yili viloyatda amalga oshirilgan dasturlar doirasida 78,6 million dollarlik investitsiyalar jalb qilindi. Uning 54,5 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Investitsiyalarning asosiy qismi yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda viloyatdagi 638 yengil sanoat korxonasida 16,5 ming ishchi mehnat qilmoqda. Tizimdagi 42 qo‘shma korxona o‘z mahsulotlarini 30 dan ortiq xorijiy davlatga eksport qilayotir.
Qo‘qon shahridagi “Indorama Kokand Tekstayl” qo‘shma korxonasi, Beshariq tumanidagi “Beshariq to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Bag‘dod tumanidagi “Fergana spinning” qo‘shma korxonasi kabi ko‘plab korxonalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Farg‘ona shahrida yaqinda ish boshlagan “Fergana oseana textile” O‘zbekiston – Tailand qo‘shma korxonasi yiliga 3 ming 600 tonna paxta xomashyosidan sifatli ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar Yevropa davlatlari, shuningdek, Rossiya va Xitoyga eksport qilinmoqda.
Beshariq tumanidagi “Beshariq tekstil” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasida tayyorlanayotgan mahsulotlar ham jahon bozoriga chiqarilmoqda. O‘tgan uch yilda bu yerda keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, zamonaviy texnologiyalar o‘rnatildi. Ishlab chiqarish quvvati va mahsulot sifati yanada oshgan korxonada 700 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlandi. Ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari zamonaviy bichimi, yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘layotir.
– Bir paytlar paxta tolasidan tayyorlangan kiyimlar xalqimiz uchun orzu edi, – deydi “Beshariq tekstil” qo‘shma korxonasi direktori Muxtor Qobulov. – Istiqlol tufayli vaziyat butkul o‘zgardi. Bugun korxonamiz paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarmoqda. Ichki va tashqi bozor kon’yunkturasini doimiy o‘rganib, xaridor didiga mos mahsulot taqdim etishga harakat qilmoqdamiz. Tabiiy matodan tikilayotgan yuzdan ortiq turdagi sport kiyimlari va bolalar liboslari, umuman, korxonamizmahsulotining 90 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 850 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 424 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Bularning barchasi mustaqillik sharofati va mamlakatimizda xususiy sektorni izchil rivojlantirish, aholi daromadlari va farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.